Jahon | 17:41 / 09.07.2025
2043
2 daqiqa o‘qiladi

Issiq havo Yevropada o‘lim holatlari sonini uch baravarga oshirdi

Olimlar Yevropaning 12 ta yirik shahrida qayd etilgan o‘lim holatlariga oid ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi.

Foto: AP

Ekstremal ob-havo hodisalarini keltirib chiqarayotgan iqlim o‘zgarishi bo‘lmaganida Yevropada anomal issiqlik qurbonlari soni qariyb uch barobar kam bo‘lardi. Bu haqda yevropalik olimlarning World Weather Attribution ilmiy loyihasida so‘z boradi.

Olimlar 23 iyundan 2 iyulga qadar Yevropaning 12 ta yirik shahrida qayd etilgan o‘lim holatlariga oid ma’lumotlarni tahlil qilgan — ushbu muddat oralig‘ida havo harorati 40 daraja issiqdan oshgandi. Olimlarning baholashicha, o‘lim holatlarining 2,3 mingtasi jazirama va uning salomatlik uchun oqibatlari bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, olimlarning ta’kidlashicha, agar global issiqlik va ekstremal jazirama bo‘lmaganida, qurbonlarning 1,5 ming nafari tirik bo‘lishi mumkin edi.

Olimlar issiqlikdan o‘lim holatlariga doir real ma’lumotlardan foydalanib, iqlim o‘zgarishining ta’siri hisobga olinmagan sun’iy ssenariyni modellashtirish orqali tadqiqot o‘tkazgan.

Global isish oqibatlaridan yuzaga keladigan o‘lim holatlari eng ko‘p 65 yoshdan kattalar orasida kuzatilgan — 88 foiz. Tadqiqot mualliflaridan biri bo‘lgan London imperial kolleji Ben Klarkning so‘zlariga ko‘ra, «anomal issiqlik o‘zidan o‘rmon yong‘inlari yoki bo‘ronlar kabi vayronagarchilik izini qoldirmaydi. Uning oqibatlari asosan ko‘zga ko‘rinmaydi, biroq vayronkor. Atigi 2–3 darajadagi o‘zgarish minglab odamlar uchun hayot va o‘lim o‘rtasidagi farqni anglatishi mumkin».

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid