Jahon | 07:57 / 10.07.2025
2523
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Xitoyni Qizil dengizdagi lazer hujumida aybladi

Xitoy harbiy kemasi Qizil dengizda husiychilarning hujumlaridan himoyalanish uchun Yevropa Ittifoqining Aspides missiyasida ishtirok etayotgan Germaniya razvedkachi samolyotiga lazer bilan hujum qildi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisini chaqirtirdi.

Foto: DW

Germaniya hukumati Xitoyni Qizil dengizdagi savdo kemalarini himoya qilish uchun Yevropa Ittifoqining Aspides harbiy-dengiz missiyasida ishtirok etayotgan nemis harbiy samolyotiga lazerli hujum uyushtirganlikda aybladi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi razvedkachi samolyotga Xitoy harbiy kemasidan lazer yordamida hujum qilinganini ma’lum qildi va voqea yuzasidan Xitoy elchisini chaqirtirdi.

«Germaniya shaxsiy tarkibiga tahdid yaratish va missiyani buzish mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas», deb ta’kidladi Berlin.

Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shikastlangan samolyot voqeadan so‘ng xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. AFP so‘roviga javoban idora vakili Xitoy kemasi ekipaji lazer yordamida samolyotda «odamlar va jihozlarni xavf ostiga qo‘yganini» aytdi. Hodisadan so‘ng, ehtiyot chorasi sifatida parvoz to‘xtatildi va samolyot Jibutidagi bazasiga qaytdi. Samolyot keyinchalik missiyada ishtirok etishda davom etdi, deya xabar beradi agentlik Mudofaa vazirligiga tayanib.

Keyinchalik ta’kidlanganidek, hujum «sababsiz va oldindan aloqalarsiz» muntazam parvoz paytida amalga oshirilgan. Xitoy kemasi avval ham bu hududda bir necha bor payqalgan. Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, hujum 2 iyul kuni sodir bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid