Jahon | 22:37 / 13.07.2025
7621
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchradi

Sautend aeroportida kichik o‘lchamli samolyot halokatga uchradi. Voqea joyiga tibbiyot xodimlari va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan.

Foto: UKNIP

Britaniya janubi-sharqidagi Sautend aeroportida samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchradi, deb xabar bermoqda The Telegraph.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap kichik o‘lchamli Beechcraft King Air B200 samolyoti haqida ketmoqda. Ushbu havo kemasi Niderlandiyaning Lelistad shahriga uchishi kerak bo‘lgan.

Esseks politsiyasi «12 metrli samolyot» bilan bog‘liq voqeadan xabardor ekanini ma’lum qilgan. «Hozir biz barcha favqulodda xizmatlar bilan voqea joyida ishlayapmiz va bu bir necha soat davom etadi. Ishlar yakunlangunga qadar jamoatchilikni ushbu hududni chetlab o‘tishga chaqiramiz», — deyiladi politsiya xabarida.

Beechcraft King Air B200 — bu Beech Aircraft Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ko‘p maqsadli yengil samolyot bo‘lib, biznes-jyetlar orasida eng mashhurlaridan biri hisoblanadi. Beechcraft King Air B200 samolyotiga 7-9 nafar yo‘lovchi sig‘adi.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan politsiya halokat yuz bergan hudud yaqinidagi Rochford Hundred golf-klubi va Westcliff regbi klubini evakuatsiya qilgan.

Daily Mail havo kemasi bortida necha kishi bo‘lgani hozircha noma’lum ekani, ammo voqea joyiga tez yordam va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgani haqida yozdi. Flightradar ma’lumotlariga ko‘ra, Lelistadga reys mahalliy vaqt bilan soat 15:45 da havoga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan, ammo 10 daqiqalik kechikish bilan parvozni boshlagan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid