Jahon | 15:52 / 14.07.2025
1869
2 daqiqa o‘qiladi

Mers: AQSh bojlari Germaniya eksportiga qattiq ta’sir qiladi

Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh bojlari Germaniya eksportiga qattiq ta’sir qilishidan ogohlantirdi va Yevropa Ittifoqi va AQSh kelishuvga erisha olishiga umid bildirdi.

Foto: Annegret Hilse / Reuters

Germaniya kansleri Fridrix Mers 13 iyul, yakshanba kuni ARD telekanaliga bergan «yozgi intervyu»da AQSh prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan Yevropa tovarlariga joriy qilmoqchi bo‘lgan 30 foizlik AQSh bojlari «Germaniya eksportiga jiddiy zarba beradi» dedi.

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, agar bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, Berlin o‘zining iqtisodiy siyosatidagi sa’y-harakatlarining «katta qismini orqa o‘ringa qo‘yishga» majbur bo‘ladi: «Chunki u qolgan hamma narsaga soya soladi». Biroq u Yevropa Vashington bilan avgust oyi boshiga qadar kelishuvga erisha olishiga umid qilmoqda. Aks holda, u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron singari, ommaviy javob tariflarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Donald Trampning o‘zi Yevropa Ittifoqi tomonidan savdo tariflari javob tariqasida oshirilgan taqdirda Vashington simmetrik tarzda harakat qilishini bildirdi.

Xuddi shu intervyuda Fridrix Mers «burgergeld» (nemischa Bürgergeld — fuqarolar uchun pul) fuqarolik nafaqalarini to‘lashni qisqartirish tarafdori ekanini aytgan. U hozirda ish izlayotgan yoki daromadi o‘zini o‘zi boqish uchun yetarli bo‘lmaganlar tomonidan olinadi.

Federal kansler muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladi, ammo ariza beruvchilar uchun qattiqroq qoidalar joriy etish niyatida ekanini ma’lum qildi. "Ishlay oladigan odamlar ishlashi kerak. Uy-joy narxiga nisbatan qattiqroq talablar ham mumkin, masalan, ijara to‘lovini joriy etish yoki yashash maydonini tekshirish".

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid