Jahon | 19:39 / 17.07.2025
4338
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi

39 yoshli Yuliya Sviridenko yangi bosh vazir bo‘ldi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi tasdiqlandi.

Foto: Reuters

17 iyul kuni Oliy Rada 39 yoshli Yuliya Sviridenko nomzodini Ukrainaning bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi. Bir kun oldin Denis Shmigal boshchiligidagi hukumat iste’foga chiqqan edi.

Shu kuniyoq bosh vazir Yuliya Sviridenko yangi hukumat tarkibini Oliy Radaga taqdim qildi. 253 nafar deputat uni yoqlab ovoz berdi.

Deputatlar tomonidan quyidagi vazirlar ro‘yxati tasdiqlandi:

- Mixaylo Fyodorov — bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, raqamli transformatsiya vaziri;

- Oleksiy Kuleba — bosh vazirning Ukrainani tiklash bo‘yicha o‘rinbosari, jamiyat va hududiy rivojlanish vaziri;

- Taras Kachka — bosh vazirning Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari;

- Matvey Bedniy — yoshlar va sport vaziri;

- German Galushchenko — adliya vaziri;

- Svetlana Grinchuk — Energetika vaziri;

- Natalya Kalmikova — faxriylar ishlari bo‘yicha vazir;

- Igor Klimenko — ichki ishlar vaziri;

- Oksen Lisoviy — ta’lim va fan vaziri;

- Viktor Lyashko – sog‘liqni saqlash vaziri;

- Sergey Marchenko — moliya vaziri;

- Oleksiy Sobolev — iqtisodiyot, atrof-muhit va qishloq xo‘jaligi vaziri;

- Denis Ulyutin - Ijtimoiy siyosat, oila va birlik vaziri.

Mudofaa vazirligi o‘zgartirildi — unga Strategik sanoat vazirligi funksiyalari berildi; ushbu bekor qilingan bo‘lim boshlig‘i German Smetanin «Ukroboronprom» rahbari bo‘ladi.

Prezident Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumatning ustuvor yo‘nalishi qurollarni mustaqil va sheriklar bilan birga ishlab chiqarishdir. Prezident hozir Ukraina qurollarining jang maydonidagi ulushi 40 foizni tashkil etishini, biroq bundan ham ko‘proq, 50 foizga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Ukraina Konstitutsiyasining 114-moddasiga ko‘ra, Rada Vazirlar Mahkamasining barcha a’zolarini, mudofaa va tashqi ishlar vazirlaridan tashqari, bosh vazirning tavsiyasiga ko‘ra tayinlaydi.

Deputatlar prezident tavsiyasiga binoan Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlariga alohida ovoz beradi. Tashqi ishlar vaziri o‘zgarishsiz qolmoqda — bu lavozimda 2024 yil sentabridan buyon ishlab kelayotgan Andrey Sibiga. Ammo Zelenskiy Denis Shmigalni mudofaa vazirligi rahbari etib tayinlashni taklif qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid