Jahon | 13:00 / 21.07.2025
1674
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada o‘zbekistonlik yoshlar kasblarga o‘qitilishi kutilyapti

Germaniyaning yetakchi nashrlaridan biri BILD gazetasida O‘zbekiston yoshlarini Germaniyada kasbiy ta’lim olish va mehnat faoliyatiga jalb qilishga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Foto: Askania Future GmbH

"Germaniyada xorij davlatlaridan yoshlarni kasbiy ta’limga jalb qilish va mehnat faoliyatiga yollash bo‘yicha Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi kompaniyalari O‘zbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Ayniqsa, Papenburg AG, Askania Future GmbH kompaniyalar bu borada katta tajribaga ega", – deb yozilgan nashrda.

Materialda Papenburg AG kompaniyasi o‘zbekistonlik yoshlarni Germaniyada kasblarga o‘qitish bo‘yicha katta tajribaga ega ekani, hozirgacha 60 ga yaqin o‘zbek yoshlari yuk mashinasi haydovchisi yo‘nalishida o‘qishni tamomlab, ish bilan ta’minlangani qayd etilgan. Germaniyada ushbu toifadagi haydovchilarga bo‘lgan talab juda yuqori, qolaversa, mamlakatda va unga qo‘shni davlatlarda ham haydovchi topish mushkul.

"Askania Future GmbH kompaniyasi yaqin kelajakda 1750 nafar o‘zbekistonlik yoshlarni Germaniyada turli kasblarga o‘qitishni rejalashtirgan. Hamshiralik, quruvchilik, elektrik va yuk mashinasi haydovchisi kabi talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha talabgorlar dastlab O‘zbekistonda nemis tiliga o‘qitiladi va V1 daraja til sertifikatini qo‘lga kiritganidan so‘ng GFRda mutaxassisligi bo‘yicha dual kasbiy ta’lim asosida tayyorlanadi", – deyilgan maqolada.

Nashrda ta’kidlanishicha, Germaniya Kasbiy ta’lim federal instituti o‘tkazgan so‘rovnomada mehnat bozori tadqiqotchisi Aleksandr Shtudtxoff ushbu hamkorlikni yuqori baholagan. "Bo‘lg‘usi mutaxassislarga o‘z vatanlarida nemis tili o‘rgatilib hamda dastlabki kasbiy tayyorgarlikning oshirilishi ularning Germaniyada kasb bo‘yicha o‘qishlarini muvaffaqiyatli tugatishda hal qiluvchi omillardan biri sanaladi", – deya  ekspertning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

Germaniya Yuk tashish, logistika, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha federal uyushmasi vakili professor Dirk Engelxardtning ta’kidlashicha, nemis tilini puxta egallagan xorijlik mutaxassislarga Germaniya mehnat bozorida barcha imkoniyatlar eshigi ochiladi.

BILD gazetasi, shuningdek, Germaniya kasaba uyushmalari federatsiyasi xorijlik mutaxassislarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahat markazlari tashkil etish taklifini ilgari surgani haqida yozgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid