Jahon | 12:13 / 28.07.2025
2093
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: Trampning boingini ta’mirlashga yadroviy kuchlar dasturidan to‘langan

Qatar sovg‘a qilgan samolyotni ta’mirlash xarajatlarini yashirish uchun Tramp uni mamlakat yadro arsenalini modernizatsiya qilish xarajatlariga kiritdi, deb yozadi NYT.

Donald Tramp va Tamim bin Hamad Ol Soniy Foto: Alex Brandon/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Qatar tomonidan unga Air Force One prezidentlik borti sifatida hadya qilingan Boeing 747-8 samolyotini ta’mirlash qiymati haqidagi ma’lumotni yashirdi. 27 iyul, yakshanba kuni The New York Times gazetasi noma’lum manbalar va AQSh Kongressi Budjet boshqarmasi xulosalariga tayanib yozishicha, Tramp o‘z shaxsiy samolyotini ta’mirlash xarajatlarini Pentagonning AQSh yadroviy arsenalini yangilash xarajatlariga qo‘shdi.

Gazetaning yozishicha, Tramp samolyotni Qatar qirollik oilasidan sovg‘a sifatida qabul qilganidan biroz vaqt o‘tgach, Pentagon maxfiy Sentinel loyihasi doirasida AQSh budjetidan 934 million dollar so‘ragan. Rasmiy ravishda, loyiha xarajatlari AQShning quruqlikdagi eskirgan yadroviy raketalarini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq. Ommaviy axborot vositalari ushbu xarajatni mamlakat budjetidagi eng maxfiylashtirilganlardan biri deb atadi.

AQSh Kongressining Budjet byurosi Pentagonga o‘tkazilgan 934 million dollar «deyarli shubhasiz» mamlakat yadro arsenalini modernizatsiya qilish uchun emas, balki Trampning prezidentlik samolyotini qayta jihozlash uchun ishlatiladi deb hisoblaydi, deya yozgan NYT. Ushbu transhdan tushgan mablag‘ning bir qismi Qatarning Boeing 747-8 samolyotini ta’mirlashga sarflangani haqidagi ma’lumot AQSh harbiy-havo kuchlarining nomi oshkor etilmagan vakillarining jurnalistlar bilan suhbatida tasdiqlandi.

Mutaxassislarning fikricha, AQSh prezidenti o‘ziga berilgan samolyotdan yaqin orada foydalana olmaydi. Siyosatchi ehtiyojlarini qondirish uchun samolyotni qayta jihozlash va modernizatsiya qilish ikki yilgacha davom etadi. Shu bilan birga, AQShda ishlab chiqarilgan yangi Boeing 747-8'ning narxi taxminan 400 million dollarni tashkil qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid