Jahon | 10:28 / 28.07.2025
3017
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada taniqli siyosatshunos Yekaterina Shulman sirtdan hibsga olindi

Moskva sudi Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Rossiyani tark etgan siyosatshunos Yekaterina Shulmanni «chet el agenti» sifatidagi vazifalarini bajarmaganlikda aybdor deb topdi. Uni hibsga olish muddati hibsga olingan yoki ekstraditsiya qilingan kundan boshlab ikki oyni tashkil qiladi.

Foto: Instagram / e.shulmann

Moskvaning Meshchanskiy sudi siyosatshunos Yekaterina Shulmanni «chet el agenti» sifatidagi majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagani bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha sirtdan hibsga oldi, deb xabar qildi Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati. Hibsga olish muddati Shulman Rossiyada qo‘lga olingan paytdan boshlab ikki oyni tashkil etadi va Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab hisoblanadi. Yekaterina Shulman hozirda Rossiya Federatsiyasidan tashqarida.

Avvalroq Rossiya adliya organlari Yekaterina Shulmanning «chet el agenti» vazifasini bajarmaganligi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida ochiq xabar bermagan edi. Mart oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasida Shulman bo‘yicha qidiruv kartochkasi paydo bo‘ldi, biroq u bir kundan keyin o‘chirib tashlangan.

Yekaterina Shulman Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Rossiyani tark etdi. Siyosatshunos 2022 yil aprel oyida Robert Bosh fondi stipendiati sifatida Germaniyaga jo‘nab ketdi. O‘sha oyda Adliya vazirligi uni «chet el agenti» deb tan oldi. 2022 yil may oyida Germaniyaning Die Zeit gazetasiga bergan intervyusida Shulman Adliya vazirligining qarori uning Moskvaga qaytish imkoniyatini «samarali ravishda istisno qilishini» aytdi, chunki «chet el agenti» maqomi unga o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanishga imkon bermaydi.

Rossiyada Yekaterina Shulman Moskva ijtimoiy-iqtisodiy fanlar oliy maktabi va Rossiya prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasining Ijtimoiy fanlar institutida dars bergan. Uzoq vaqt davomida u Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashining a’zosi ham bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid