Jahon | 11:08 / 28.07.2025
3737
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Kiyevga zarbasi: sakkiz kishi, jumladan bir bola yaralandi

Rossiyaning Ukraina poytaxtiga bergan yangi zarbasi oqibatida sakkiz kishi yaralandi. Ular orasida uch yoshli bola ham bor.

Foto: Ukraina politsiyasi

Rossiya qo‘shinlari 28 iyul, dushanbaga o‘tar kechasi Kiyevga yana hujumkor uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Ukraina poytaxtining Darnitskiy tumanida sakkiz kishi, jumladan, uch yoshli bola yaralandi, dedi Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola o‘rtacha jarohatlar olgan. To‘rt kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Tkachenko, shuningdek, Darnitskiy tumanida dushman hujumi natijasida ko‘p qavatli turar joy binosining derazalari sinib tushganini aytdi. Shahar politsiyasi vayronagarchilik aks etgan kadrlarni Telegramʼga joylashtirdi.

Kecha kechqurun Kiyevda havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda portlashlar sodir bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha Kiyevga qilingan hujumga izoh bermadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid