Jahon | 08:12 / 30.07.2025
2050
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq AQSh avtomobillari uchun bojlar bekor qilinishini tasdiqladi

Tramp bilan savdo kelishuvi doirasida YeI Amerika avtomobillari uchun «nol tarif»ga o‘tadi, deya ma’lum qildi Yevrokomissiya. Ayni paytda Bryussel Vashingtondan kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajarishini kutmoqda.

Foto: DPA

Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdo kelishuvi doirasida kelajakda Amerika avtomobillari Yevropa bozoriga savdo bojlarisiz olib kiriladi. YeIning Bryusseldagi vakili Shotlandiyada AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar chog‘ida shunday kelishuvga erishilganini tasdiqladi, deb xabar berdi dpa agentligi.

«Biz nol tarifga o‘tishga tayyormiz», — dedi Yevropa rasmiysi. Hozirda amaldagi 10 foizlik import bojlarini bekor qilishning zaruriy sharti Vashingtonning kelishuv bir qismiga rioya qilishi va YeIdan avtomobillar importiga bojlarni joriy 27,5 foizdan 15 foizga kamaytirishdir, deya qo‘shimcha qildi u.

Dpa qayd etganidek, Yevropa avtomobil sanoati uchun bunday imtiyozlar amerikalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan raqobatni kuchaytiradi. O‘z navbatida, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen yangi kelishuvlarsiz AQShda Yevropa avtomobillariga 30 foizlik bojlar 1 avgustdan kuchga kirgan bo‘lardi, deb ta’kidladi.

Avvalroq Tramp va fon der Lyayyen Shotlandiyaning g‘arbiy qismidagi Ternberri shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi tovarlariga 15 foizlik bojlar joriy etishni nazarda tutuvchi savdo bitimi bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar berdi Amerika rahbari. «Biz kelishuvga erishdik. Bu hamma uchun yaxshi kelishuv», — dedi u. YeK rahbari, o‘z navbatida, u barqarorlikka yordam beradigan va «rejalashtirish xavfsizligini ta’minlaydigan» kelishuvlardan mamnun ekanligini aytdi. «Bu Atlantikaning har ikki tomonidagi kompaniyalarimiz uchun juda muhim», deya qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid