Jahon | 21:32 / 04.08.2025
2880
3 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda sobiq bosh vazir Shayx Hasina ustidan sirtdan sud boshlandi

U insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan, qotillik, qiynoqlar va zo‘ravonlikda ayblanmoqda.

Foto: Getty images

Bangladeshda 2024 yil yozida norozilik namoyishlaridan keyin mamlakatni tark etgan sobiq bosh vazir Shayx Hasina ustidan sirtdan sud boshlandi. U insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan, qotillik, qiynoqlar va zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning iyul oyida norozilik namoyishlarini bostirish paytida kamida 1400 kishi halok bo‘lgan.

Namoyishlar Bangladeshni 15 yil boshqargan Hasinaning avtoritar boshqaruvi fonida boshlandi. Ommaviy namoyishlarni bostirish uchun uning buyrug‘i bilan qurolli politsiya ko‘chalarga chiqib, odamlarni o‘qqa tutdi. Oqibatda norozilik namoyishlari qo‘zg‘olonga aylandi.

2024 yil 5 avgustda armiya kuch ishlatishdan bosh tortgach, Hasina o‘z qarorgohidan vertolyotda evakuatsiya qilindi. Shundan beri u Hindistonda bo‘lib turibdi va jarayonda ishtirok etishdan bosh tortmoqda. Uni davlat advokati himoya qiladi, sud esa u ta’sis etgan Harbiy jinoyatlar bo‘yicha xalqaro tribunalda o‘tadi.

Ayblov hujjatiga ko‘ra, Hasina tinch aholining o‘limi uchun shaxsan javobgar. Asosiy guvohlardan biri - Choudhuri politsiyasining sobiq boshlig‘i Abdulloh al-Ma’mun allaqachon aybini tan olgan va unga qarshi ko‘rsatma berishga rozi bo‘lgan. Tribunal bosh prokurori ish bo‘yicha dalillarga ega ekanini aytdi.

Hasina tarafdorlari sudni siyosiy deb atamoqda va muvaqqat hukumatni qasos olishga urinishda ayblamoqda. Sobiq vazir Muhammad Arafatning aytishicha, ish «qonuniy hokimiyatni jinoiylashtirishga» qaratilgan. Hasina ochiq xatida norozilik namoyishlarini «demokratiyaning zo‘ravonlik bilan buzilishi» deb atadi va «bosib olingan institutlarni qaytarishga» va’da berdi.

U qochib ketgach, Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus boshchiligidagi muvaqqat hukumat hokimiyat tepasiga keldi. U islohotlar va saylovlarni va’da qildi, ammo bir yil ichida huquq-tartibotni tiklay olmadi. Hasinaning «Avami Lig» partiyasi 2025 yilgi saylovdan chetlatildi. Bu qaror, ayniqsa, islomiy muxolifatning mashhurligi ortib borayotgan bir paytda nodemokratik deb tanqid qilinmoqda.

Jarayonni imkon qadar ochiq qilishga va’da berishmoqda - himoyalangan guvohlarning ko‘rsatmalaridan tashqari, majlislar jonli efirda namoyish etiladi. Hasina hukmronligi davridagi boshqa jinoyatlar bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid