Jahon | 08:46 / 05.08.2025
4359
3 daqiqa o‘qiladi

"MK" gazetasi Ozarboyjonni natsistlar Germaniyasiga qiyosladi

"MK" Ozarboyjondagi Ayvazovskiy haykalining buzilishi va fizik Geynrix Gers byustining buzilishi o‘rtasida parallellikni ko‘rsatdi. Germaniyada natsistlar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin nemis fizigining byusti buzib tashlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiyaning «Moskovskiy komsomolets» gazetasi Ozarboyjonda rassom Ivan Ayvazovskiy haykali buzib tashlanganidan keyin mamlakatni natsistlar Germaniyasiga qiyosladi. Nashr «Boku Ukrainaga ergashib, yodgorliklarga urush e’lon qildi» sarlavhali maqolani chop etgan bo‘lib, unda Qorabog‘dagi Ayvazovskiy haykalining buzilishi va nemis fizigi Geynrix Gersning Germaniyada natsistlar hokimiyatga kelganidan so‘ng byustining buzilishi o‘rtasida o‘xshashlik keltirilgan.

Nashr muallifi Marina Perevozkinaning yozishicha, Ozarboyjon TIV bayonotiga qaraganda, yodgorlikning buzilishiga asosiy sabab Ayvazovskiyning arman millatiga mansubligi bo‘lgan. Shu munosabat bilan u Karlsrue universitetida Gers yodgorligi buzilganini esladi, «u yerda olim o‘zining asosiy kashfiyotini qilgandi — elektromagnit to‘lqinlarning mavjudligini isbotlagan».

«Gersning kelib chiqishi, natsistlar nuqtayi nazaridan, irqiy poklik mezonlariga javob bermagan: uning otasi yahudiy bo‘lgan», deb tushuntirdi Perevozkina. Uning eslatishicha, «uchinchi reyx» hokimiyati chastota birligini qayta nomlashga va unga Gers o‘rniga Helmgols nomini berishga harakat qilgan. «Uchinchi reyx» yo‘q bo‘lib ketdi, ammo rozetkadagi o‘zgaruvchan tokning chastotasi hali ham gers bilan o‘lchanadi», deya ta’kidlagan material muallifi.

Perevozkinaning qayd etishicha, Ayvazovskiyning otasi «XVIII asrda G‘arbiy Armanistondan Galitsiyaga ko‘chib kelgan armanlar» avlodidan bo‘lgan va yozuvlarda rassom «Ovanes Ayvazyan nomi bilan ro‘yxatga olingan». «Uni Armaniston bilan faqat kelib chiqishi, ya’ni «qoni» bog‘lagan. Lekin ba’zilar uchun, hatto 21 asrda ham «qon» hamma narsani hal qiladi», — deyiladi maqolada. Shundan so‘ng Perevozkina Germaniyada natsistlar davrida Heynrix Heynning kitoblari yahudiy bo‘lgani uchun yoqib yuborilganini, «Kiyevda esa 2013 yil dekabr oyidagi Yevromaydan paytida Lenin haykali buzib tashlanganini» eslatib o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid