Ta’lim | 13:23 / 08.08.2025
2451
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda, fuqarolar O.X. (muqaddam sudlangan) va T.K. fuqaro B.M.ning ishonchiga kirib, uning turmush o‘rtog‘ining o‘qishini qo‘shni Qirg‘iziston davlat universitetidan Andijon davlat universitetiga ko‘chirib berishi evaziga 2 500 AQSh dollari va 9,6 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 700 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, departamentning Kasbi tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro N.G‘. fuqaro Q.J.ga go‘yoki qo‘shni Qozog‘iston oliygohida 2 kursni tamomlagani haqida hujjatlar rasmiylashtirib berib, uni Qarshi shahridagi xususiy oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid