Jahon | 07:29 / 09.08.2025
1639
2 daqiqa o‘qiladi

WP: AQSh Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha tanqidini yumshatadi

The Washington Post nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati Rossiya, Isroil va Salvadorda inson huquqlari buzilishi haqidagi hisobotlarni qisqartirib, mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi havolalarni olib tashlagan.

Foto: Celal Gunes/AA/picture alliance

The Washington Post (WP) nashriga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik, korrupsiya hamda Rossiya, Isroil va Salvadorda da’vo qilingan boshqa qonunbuzarliklar haqidagi xabarlarni olib tashlash yoki yumshatishni rejalashtirmoqda. Uch mamlakatda inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotlar loyihasi Jo Bayden ma’muriyati tomonidan 2024 yilda tayyorlangan shunga o‘xshash hujjatlardan sezilarli darajada qisqa bo‘lib chiqdi, deb yozadi Vashington gazetasi o‘zida mavjud matnlarga tayanib.

Davlat departamenti hisobotlari loyihalarida Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilingan muhojirlarni qamoqda saqlashga rozi bo‘lgan Salvador haqida aytilishicha, 2024 yilda bu mamlakatda «inson huquqlarining jiddiy buzilishi haqida ishonchli xabarlar» yo‘q. Biroq Davlat departamentining Salvador bo‘yicha 2023 yilgi avvalgi hisobotida «jiddiy inson huquqlari muammolari, jumladan, hukumat tomonidan ruxsat etilgan qamoqxonalar va qiynoqlar»ga ishora qilingan.

Isroilga oid hisobot loyihasida avvalgi hisobotda tilga olingan korrupsiya yoki sud mustaqilligi bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z yuritilmagan. Bundan tashqari, Isroilning falastinliklarni yashirin kuzatishi va ularning harakat erkinligini cheklashi holatlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Davlat departamenti ushbu hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Nashrga ismini oshkor qilishni istamagan mulozimning aytishicha, hisobotlar o‘qilishini yaxshilash, takroriy jumlalarni olib tashlash va qonun talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qisqartirilgan. «Inson huquqlari bo‘yicha hisobot asosiy masalalarga qaratilgan», deb tushuntirdi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid