O‘zbekiston | 18:05 / 12.08.2025
12182
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni 80 km/soatgacha oshirish rejalashtirilmoqda

Poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shahardagi beshta ko‘chada harakat tezligini 60 km/soatdan 80 km/soatga oshirish taklifi bilan chiqdi. Bu – radarlar qayd etgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlash tartibi kuchga kirgan taqdirda, hatto shahar markazida ham tezlikni 90 km/soatgacha oshirish imkoni demakdir.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining beshta ko‘chasida avtomobillar uchun tezlik cheklovini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari shahar kengashining 12 avgust kungi yig‘ilishida poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov ma’lum qildi.

“Toshkent shahrining Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun cheklangan yuqori tezlik 80 kilometrga o‘zgartirish taklifini beryapmiz”, – deya Alimovning so‘zlarini keltirdi Gazeta.uz.

Deputatlardan biri yangi tezlik chegarasi qachon kuchga kirishini so‘radi. “Hokimlik va mutasaddi tashkilotlarga taklif kiritdik, e’lon qilamiz”, – deya javob berdi YHXB rasmiysi.

Elmurod Alimov / Foto: Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda avtohalokatlardan o‘lim darajasi yuqoriligi sababli, 2023 yil aprel oyida shaharlardagi tezlik chegarasi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgandi.

Elmurod Alimovning aytishicha, poytaxtning 12 ta ko‘chasida (aniq qaysilari ekani aytilmadi) bir tomonlama harakatlanishni joriy etish ham taklif qilinmoqda. Bu tashabbus – tirbandlik va YTHlarning oldini olish va yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadi bilan izohlandi.

Shahar YHXB boshlig‘i o‘rinbosari yoz oylarida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab svetoforlar o‘chib qolayotgani haqida ham gapirdi.

“Buning natijasida svetoforlar ishlamay, tartibsizliklar yuzaga kelyapti. 5-6 soat, 8 soat, 2 soatlab shunaqa holat bo‘lyapti. Ya’ni biz shunda nima qilyapmiz? Inspektorlarning jismoniy kuchidan foydalanyapmiz”, – degan Alimov yechim sifatida markaziy chorrahalarda uzluksiz quvvat manbalarini o‘rnatishni taklif qildi.

“500 ta poytaxtdagi markaziy chorrahalardagi svetofor obektlariga UPS moslamasini o‘rnatish taklifini beryapmiz. Ya’ni, svet o‘chib qolgan taqdirda ham o‘zining 5-6 soatga yetadigan quvvati bo‘ladi. Svet kelguncha bemalol svetoforimiz ishlashi mumkin”, – dedi u.

Foto: Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 9 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Yig‘ilishda davlat rahbari kuniga o‘rtacha 6 kishi avtohalokat qurboni bo‘layotganiga e’tibor qaratib, bu raqam hammani tashvishlantirishi kerakligini aytgandi.

Mart oyida radarlar qayd etgan tezlikdan 5 emas, 10 km/soat chegirib tashlanishiga oid qonun loyihasini parlamentda ko‘rib chiqish boshlangandi.

Mavzuga oid