Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston tahdidi tufayli Pokiston raketa qo‘shinlarini tashkil etadi
Qo‘shinlar zamonaviy texnikalar bilan jihozlanishi, raketalar Hindistonga qaratilishi ta’kidlanmoqda.
Pokiston mamlakat qurolli kuchlari tarkibida raketa qo‘shinlarini tashkil etish niyatida, deb ma’lum qildi bosh vazir Shahboz Sharif. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bosh vazir buni Islomobodda, may oyida Hindiston bilan bo‘lgan mojaro xotirasiga bag‘ishlangan marosimda ma’lum qildi. Marosim Pokiston Mustaqilligi kuni - 14 avgust arafasida bo‘lib o‘tdi.
«Ular [raketa qo‘shinlari] zamonaviy texnika bilan jihozlanadi», dedi Sharif va bu kuchlar Pokiston armiyasining jangovar qobiliyatini mustahkamlashda yangi bosqich bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Xavfsizlik xizmatining yuqori martabali vakili bu kuchlarning o‘z qo‘mondonligi bo‘lishini aytdi. «Shubhasiz, ular [raketalar] Hindistonga qaratiladi», deb ta’kidladi u.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2 avgust kuni Pokistonning kelajakdagi har qanday hujumi Hindiston qurol tizimlaridan foydalangan holda «qat’iy javob» bilan qarshi olinishini aytdi. «Pokistondagi odamlarga kechasi uxlashga imkon bermaslik uchun BrahMos nomini tilga olishning o‘zi kifoya», dedi Modi.
Tovushdan tez uchadigan BrahMos qanotli raketalari Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti va Rossiya mashinasozlik ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining qo‘shma korxonasi bo‘lgan BrahMos Aerospace tomonidan ishlab chiqilgan. Raketa quruqlik, dengiz va havo variantlarida mavjud.
2025 yil aprel oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik «Qarshilik fronti» jangarilari Kashmirda hind sayyohlariga hujum qilib, 26 kishining o‘limiga sabab bo‘lganidan so‘ng oshdi. Hindiston bunga javoban 1960 yildagi asosiy suv shartnomasini to‘xtatdi va quruqlikdagi yagona chegara punktini yopdi.
6 may kuni Hindiston «Sindur» operatsiyasini boshlab, Panjob va Pokistonning Kashmir qismiga raketa zarbalari berdi. Pokiston bunga javoban 10 may kuni Hindiston bazalari, aerodromlari va raketa omborlarni o‘qqa tutdi. Mojaro, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 125 tagacha qiruvchi samolyot ishtirok etgan keng ko‘lamli havo jangi bilan yakunlandi.
10 may kuni tomonlar AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. 88 soat davom etgan mojaro yakunlariga ko‘ra, Hindiston 100 dan ortiq jangari yo‘q qilingani, besh nafar harbiy va 16 nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Pokiston 13 nafar harbiy va 40 nafar tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar o‘lganini, shuningdek, 78 nafar yarador harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tan oldi.