Jamiyat | 11:21 / 15.08.2025
9930
4 daqiqa o‘qiladi

Uzumchilar qishlog‘i – Oqbiloldan reportaj

Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida uzumlar suv tanqis bo‘lsa ham Oltiariqnikidek mazali bo‘ladi. Qishloqda uzumlar bu yil ham mo‘l hosil berdi. Qishloq aholisining qo‘li-qo‘liga tegmaydigan kunlar allaqachon kelgan. Abdurahim ota ham tilla rangga kirgan husaynilarni parvarish qilish bilan band.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Husayniga yetadigani yo‘q...

“Bu yil uzumlarimiz juda yaxshi hosil berdi. Ayni paytda ham uzumlarga ishlov berishda davom etyapmiz. Bir yilda bir bosh uzumga kamida 10 marta qo‘l tekkizsangiz ana undan keyin uzum yaxshi bo‘ladi. Hovlida aylanib yurib qarayverasiz.

Abdurahim ota Nazarov

Uzumlar qancha chiroy bergani sari, o‘zingiz ham uzumzordan chiqqingiz kelmay qoladi. Boshqa uzumlarga nisbatan o‘zimizning husayni uzumimiz hammasidan shirin. Kasalliklarga ham chidamli. Saqlayman desangiz, qishda ham turaveradi. Bandi uzilmagan holatda so‘ritokda ham turaveradi.

Endi hozir “xolodilnik”lar chiqib qolib bog‘bonlar ishi ancha yengillashdi. Oqbilolga kelinglar, uzumlarimiz pishib qoldi. Mehmon qilaman. Bemalol olib yeyaverasizlar. Yeganga pul yo‘q!”, – deydi Abdurahim ota Nazarov.

Suv tanqis bo‘lsa ham uzumlar a’lo...

“Uzumchilik deganda eng avvalo Oltiariq tushuniladi. Oltiariqning yeri unumdor, suvi yaxshi. Qishlog‘imizda suv tanqis bo‘lgani sababli asosan uzumning suvga chidamli navini ekamiz.

Abdurahmon Siddiqov

Ikki gektar uzum bog‘imiz bor. Undan tashqari yana yangi besh gektar bog‘ qilganmiz. Daromadimiz uzumchilikdan. Uzumlarga yiliga 100, 150 million so‘m atrofida xarajat qilib, 450, 500 million so‘m daromad qilamiz. Hozirgi ko‘rib turgan uzum bog‘laring mana F1. Bu beshinchi yilgi hosili.

Bu gektaridan o‘rtacha 25 tonna daromad beradi. Endi buni 50 tonna, 60 tonnaga ham chiqarsa bo‘ladi. Sifat darajasi tushib ketadi. Bu 25 tonnaning sifati ham yaxshi bo‘ladi. Bundan tashqari oq kelinbarmoq, qora kelinbarmoq kabi olti xil uzumimiz bor. Yangi navlari mana, ko‘chatchilik bilan shug‘ullanyapmiz hozirgi kunda. Fermerlarga shartnoma asosida ko‘chat sotyapmiz.

Hozirgi kunda respublika miqyosida uzumbog‘lar barpo qilyapmiz. Xomashyo qimmatligi sababli, ishlab chiqqan “tros” simlaridan, bog‘larga tortib beryapmiz. Bu ham arzon, ham sifatli chiqadi”, – deydi bog‘bon.

40 sotix yerdan 100 mln so‘m daromad

“Suvi kamligi, yerosti suvlari pastda bo‘lganligi sababli Oqbilolda uzumchilik yaxshi rivojlangan. Buning orqasidan asosiy aholi daromad oladi.

Aka-uka bog‘bonlar Shermuhammad va Dinmuhammad Ismoilov

Hozirgi kunda husaynilar 5 000 so‘mdan 20 000 so‘mgacha sotilyapti. Xudo xohlasa, uzumchilik orqasidan to‘ylar qilyapmiz, Hajlarga boryapmiz. Bolalarimiz qornini to‘yg‘izyapmiz, o‘qishlarda o‘qityapmiz, universitetlarda.

Hammasi mehnatning orqasidan bo‘lyapti. Bizning bog‘larimiz eski jaydari, ota-bobomiz qilib kelgan husayni bo‘lganligi uchun, 40 sotix yerdan 50 milliondan 100 million so‘mgacha daromad qilamiz”, – deydi Shermuhammad Ismoilov.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid