O‘zbekiston | 15:34 / 16.08.2025
7461
4 daqiqa o‘qiladi

7,3 mlrd so‘m zarar: “Halol Avtolizing”chilar ishi sudga chiqdi

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng jinoyat ishi ochilgan “Halal Auto Leasing Kompany” ishining ajratilgan qismi sudga yuborildi. Jinoyat ishida tergovdan bo‘yin tovlab, yashirinib yurgan 4 nafar shaxsga nisbatan esa qidiruv e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoiy guruh chet davlatlarga ishchi viza rasmiylashtirib berishni aytib, 500 nafardan ortiq fuqaroni aldagan.

Foto: Kun.uz

“Halal Auto Leasing Kompany” ishining ajratilgan qismi sudga yuborildi. Sud ishlari jadvaliga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud majlisi 18 avgust kuni sudya Hasan Ochilov raisligida JIB Shayxontohur tuman sudida bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz tanishgan tergov hujjatlarida keltirilishicha, Suxrob Davronov tanishlari Olimjon Mamajonov, Ixtiyor Yo‘ldoshev, Murod Sultonov, Ulug‘bek Yo‘ldoshev, Xizibek Tojiboyev va boshqalar bilan til biriktirib, “Halal Auto Leasing Kompany” hamda “Halal Auto Leasing Group” MChJlarni tashkil etgan. Shuningdek, ular “World Viza Agency” MChJni tashkil qilib, Finlandiya va Daniya davlatlariga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarga ishchi viza rasmiylashtirib berish to‘g‘risida faoliyatini targ‘ib qilgan. Mijozlar bilan dastlab “avans to‘lovi to‘g‘risida” shartnomalarini tuzib, 120 kun mobaynida mashinalar yetkazish, shuningdek, ishchi viza rasmiylashtirib berishni va’da qilgan hamda shartnoma shartlarini bajarmasdan, fuqarolar manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “World Viza Agency”, “Halal Auto Leasing Kompany” va “Halal Auto Leasing Group” MChJlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida “World Viza Agency” MChJdan 577 nafar, “Halal Auto Leasing Kompany” va “Halal Auto Leasing Group” MChJlardan 110 nafar fuqaro jabrlangani aniqlangan. Tergov davomida Olimjon Mamajonov, Ixtiyor Yo‘ldoshev, Murod Sultonov, Ulug‘bek Yo‘ldoshev va Xizibek Tojiboyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jabrlanuvchilarga nisbatan 7,3 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan va ushbu pullarning bir qismi tergov organi sa’y-harakati bilan qoplanishiga erishilgan.

Jinoyat ishining ajratilgan qismi sud muhokamasiga yuborilgan. Hozirda tergovdan yashirinib yurgan Farrux Abulov, Faxriyor Soliyev va Ulug‘bek Hasanovga qidiruv e’lon qilingan va sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ushbu shaxslarning joylashuvlari to‘g‘risida biror bir ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan 102 yoki Tergov departamentining (71) 231-33-94 raqamlariga xabar berish so‘raladi.

Kun.uz “Halal Auto Leasing kompany” MChJning shubhali faoliyati yuzasidan 2024 yil 16 noyabr kuni surishtiruv e’lon qilgandi. Oradan 20 kun o‘tib, 5 dekabr kuni firma ofisi IIV Tergov departamenti tomonidan muhrlab ketildi hamda MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi ochilgan edi. So‘ngra MChJ mansabdorlari qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid