Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistondan Ohayoga: muhojir ayolning mashaqqatli va orzularga to‘la yo‘li
Marhabo Shodmanova ikki yil avval moddiy qiyinchiliklar va oilaviy ehtiyojlar sabab AQShga yo‘l oldi. Uning safar yo‘li xavfli va mashaqqatli bo‘ldi – Turkiya, Nikaragua, Gonduras, Gvatemala va Meksika orqali minglab kilometr yo‘l bosib, Amerika chegarasidan noqonuniy o‘tdi. Bu hikoya faqat bir ayolning yo‘li emas, balki minglab muhojirlar taqdirining bir ko‘zgusidir
Xatarli yo‘l orqali orzular sari
Marhabo Shodmanova hayotdagi katta burilish nuqtasini ikki yil oldin boshdan kechirgan. O‘zbekistondagi moddiy qiyinchiliklar va oilaviy mas’uliyatlar unga bitta yo‘l qoldirgan – yurtini tark etib, yaxshi daromad topish mumkin bo‘lgan mamlakatga yo‘l olish.
“Qaror oson bo‘lmadi. Oilam, farzandlarim, ota-onam ko‘z o‘ngimda turdi. Yaqinlarim qarshilik qilishdi. Bir tomonda ularning kelajagi, ikkinchi tomonda meni nima kutayotgani noma’lum, oldinda xavfli turgandi”, - deydi Marhabo.
U AQShga qonuniy viza bilan emas, balki bir necha mamlakatlar orqali xavfli yo‘nalish bilan o‘tdi: Turkiyadan keyin Nikaragua, Gonduras, Gvatemala va Meksika. Har bir mamlakatda u nafaqat qonuniy to‘siqlar, balki odam savdosi, o‘g‘rilik va aldov xavflarini his qilib turdi.
Amerikadagi huquqsiz hayot
Biroq maqsadga yetish yo‘li faqat chegaradan o‘tish bilan tugamadi — uni yangi yurtda yangi sinovlar kutar edi. Hujjatlar rasmiylashtirishga bir necha oy, hatto yil kerak bo‘ladi. Bu davrda u Nyu Yorkning bir nechta shaharlarida ishladi. Marketlarda kassir bo‘ldi, ona yurtda o‘rgangan hunari – tikuvchilik qildi, restoranlarda eltuvchilik xizmati bilan shug‘ullandi.
“Ayniqsa, taom yetkazganda o‘zimni kamsitilgandek his qilardim. Bu nafsoniyatga tegarkan. Lekin bir narsani angladim: mehnat qilmasang, hech qayerda qadring yo‘q. Hamma o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. O‘z yurtida ishlamay, boqimandalikka o‘rgangan odam bu yerda ham shu bo‘ladi”, - deydi u.

O‘zaro yordam va muhojirlar hamjamiyati
Marhaboning aytishicha, Amerikada odamlar unga yomon munosabatda bo‘lmagan. Aksincha, ko‘p hollarda o‘zbekistonliklar va boshqa muhojirlar bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Bu yerda yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ular bir-birining qiyinchiliklarini tushunadi va imkoni bo‘lsa yordam qiladi”, - deydi Marhabo.
Marhabo hozir AQShning Ohayo shtatida, akasi va singlisining oilalari bilan bir shaharda istiqomat qiladi. Ular doim yordamini ayamaydi, zarur paytda suyanish mumkin bo‘lgan yaqinlar borligi unga katta ma’naviy kuch bermoqda.
AQShda trak haydayotgan o‘zbek ayoli
Hujjatlari tayyor bo‘lgach, Marhabo avval taksi haydadi. Keyinchalik maxsus kurslarda o‘qib, trak haydovchisi bo‘ldi. Bu ish unga yaxshi daromad va muayyan erkinlik berdi. Lekin o‘ziga yarasha qiyinchiliklar ham bor – uzoq yo‘llardagi yolg‘izlik, asosiy vaqtini texnika boshqaruvida o‘tkazadi. Bu jiddiy mas’uliyat va iroda talab qiladi.
“Farzandlarimning o‘qishiga, yaxshi ta’lim olishiga harakat qilyapman. Ota-onamning xizmatini qilish – eng katta orzum. Fursat bo‘lsa, yana O‘zbekistonga qaytaman”, - deydi Marhabo.

Muhojirlik — nafaqat sinov, balki o‘quv maktabi ham
Marhabo hikoyasi shundan dalolat beradiki, muhojirlik faqat moddiy imkoniyat emas, balki insonni qayta tarbiyalaydigan jarayondir. U mehnatga muhtojlikni, o‘z kuchi bilan tirikchilik qilish zarurligini va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar inson qadri mehnat bilan o‘lchanishini o‘rgatadi.
Marhabo Shodmanova – minglab muhojirlardan biri. Uning yo‘li xavfli chegaralardan, qonuniy huquqsiz kunlardan va og‘ir mehnatdan o‘tdi. Uning yo‘li – har bir muhojirning orzu va qiyinchiliklar bilan sug‘orilgan uzun yo‘lidir. Bu yo‘l unga mehnat orqali inson qadrini, oila, yaqinlar qiymatini va Vatanning beqiyos ahamiyatini o‘rgatmoqda.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:49 / 14.10.2025
Ayolning kayfiyati - butun uyning energiyasi
14:56 / 04.10.2025
Yaponiyada ilk bor ayol kishi mamlakat bosh vaziri bo‘lishi mumkin
08:50 / 26.09.2025
Qoraqalpog‘istonda ayol sudyalar ulushi mamlakat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi
18:15 / 22.09.2025