Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMAS G‘azo bo‘yicha sulhni qabul qildi
HAMAS Isroil bilan 60 kunlik sulh taklifini qabul qildi. Ushbu sulh - Isroilning harbiy harakatlarini 60 kunga to‘xtatish va urushni tugatishga oid kengroq kelishuv uchun asos yaratishni nazarda tutadi. Shu bilan birga HAMAS Isroilning «qurolsizlanish» talabini rad etgan.
Foto: AFP
Hamas Isroil bilan 60 kunlik sulh taklifini qabul qildi. Unga ko‘ra, G‘azoda ushlab turilgan garovdagilarning yarmi ozod qilinadi va Isroil ayrim falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuboradi. Bu haqda Misr rasmiy manbasiga tayanib Reuters nashri xabar bermoqda.
Hamasning yuqori lavozimli rasmiysi Basem Naim guruhning roziligini tasdiqladi. Hamas shuningdek, falastinlik boshqa guruhlar ham vositachilarga o‘z roziliklarini bildirganini ma’lum qildi.
Isroil taklifga rasmiy javob bermagan, biroq bir rasmiy uning qabul qilinganini tasdiqlagan. Misr va Qatar AQSh qo‘llovi bilan tomonlar o‘rtasida vositachilik qilmoqda.
Isroil bosh vazir idorasi tarqatgan videoda Benyamin Netanyahu «Men ham siz kabi ommaviy axborot vositalaridan xabarlarni eshityapman. Ulardan keladigan asosiy taassurot shuki, Hamas ulkan bosim ostida», degan.
Reutersʼning misrlik manbasiga ko‘ra, Hamas qabul qilgan taklif Isroilning harbiy harakatlarini 60 kunga to‘xtatish va deyarli ikki yil davom etayotgan urushni tugatishga oid kengroq kelishuv uchun asos yaratishni nazarda tutadi.
Bu taklif AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff ilgari taqdim etgan va Isroil qabul qilgan rejaga juda o‘xshaydi.
Ma’lum qilinishicha, vositalar yakshanba kuni Qohirada Hamas vakillari bilan uchrashdi. Dushanba kuni Qatar bosh vaziri Abdurahmon As-Soni ham muzokaralarga qo‘shilib, Misr prezidenti as-Sisi va Hamas vakillari bilan uchrashdi.
Isroil bosqinining yangi to‘lqini
Isroil bu oy boshida G‘azo shahrini nazoratga olish rejasini ma’qullagan edi. Rasmiylar bu jarayonni boshlash haftalar talab etishi mumkinligini aytib, sulhga imkon qoldirishgan. Biroq Netanyahu uning «juda tez» boshlanishini va Hamasning mag‘lubiyati bilan yakunlanishini ta’kidlagan.
Isroilning G‘azo shahrini to‘liq nazoratga olish rejasi chet elda ham, mamlakat ichkarisida ham xavotir uyg‘otdi. Xususan, 17 avgust kuni yuz minglab isroilliklar urush boshlangandan beri eng katta norozilik namoyishlaridan birini o‘tkazib, janglarni tugatish va garovda saqlanayotgan 50 kishini ozod qilish bo‘yicha kelishuv talab qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, ulardan 20 nafari tirik.
Isroilning kutilayotgan yer usti hujumi sababli minglab falastinliklar sharqiy G‘azo shahridagi uylarini tashlab, doimiy bombardimon ostidagi hududlardan g‘arb va janub tomon ketmoqda.
Guvohlarning aytishicha, dushanba kuni o‘z kuchining namoyishi sifatida Isroil tanklari G‘azo shahrining Sabra mahallasiga kirib bordi. Hududda kamida 9 ta tank va buldozer ko‘zga tashlangan.Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari general-leytenant Eyal Zamir mamlakat G‘azo urushida «burilish nuqtasida» turganini, asosiy e’tibor – Hamasga qarshi zarbalarni kuchaytirishga qaratilganini aytdi.
Isroilning G‘azo shahriga tanklar bilan kirishi, shundoq ham noinsoniy sharoitlarda yashayotgan yuz minglab odamlarni ko‘chishga majbur qilishi mumkin. Ularning ko‘pi urush davomida bir necha bor uyidan quvilgan.
G‘azo shahrida ham ko‘plab falastinliklar urushni tugatish, Isroilning hujumini to‘xtatish va Hamasni muzokaralarni kuchaytirishga majbur qilishga chaqirishmoqda.
Sulh muzokaralari
Isroil va Hamas o‘rtasida sulh bo‘yicha bilvosita muzokaralar oxirgi marta joriy iyul oxirida o‘tkazilgan va o‘zaro ayblashlar bilan yakunlangan edi.
Isroil barcha garovdagilar ozod qilinsa va Hamas qurolini tashlasa, janglarni to‘xtatishga rozi bo‘lishini aytgan. Ammo Hamas bu talabni Falastin davlati tuzilmaguncha rad etib kelmoqda.
Hamas rasmiysi Reutersʼga dushanba kuni guruh Isroilning «qurolsizlanish yoki rahbarlarni G‘azodan chiqarish» talablarini rad etganini aytdi.
Isroilning G‘azodan qanchalik chiqib ketishi va gumanitar yordamning qanday yetkazilishi masalasida ham keskin tafovutlar mavjud. Yordam tashkilotlari ocharchilik xavfi ortayotganidan ogohlantirmoqda.
2023 yil oktabr oyidan beri Isroilning hujumlari natijasida G‘azoda qariyb 62 ming nafar falastinlik halok bo‘ldi, ularning 20 mingdan ortig‘i bolalar. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida so‘nggi oylarda 200 dan ortiq insonlar halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
15:51 / 02.12.2025