Sog‘lom hayot | 15:46 / 19.08.2025
3211
3 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Miyadagi fikrlarni ovozga aylantiradigan qurilma ishlab chiqildi

Stenford universiteti olimlari insonning xayolidan o‘tkazganlari va o‘ylarini nutqqa ko‘chiradigan implant yaratdi. Mazkur qurilma gapira olmaydigan bemorlar uchun muloqot imkoniyatini taqdim etishi ta’kidlanmoqda.

Jim Gensheimer

Qurilma motor korteks, ya’ni miyadagi nutqni boshqaradigan hududga o‘rnatiladi. Bemor so‘zlarni faqat o‘ylaydi, implant esa neyron impulslar orqali ularni yozib oladi. Keyin qurilma ichidagi sun’iy intellekt qaydlarni tahlil qilib, fonemalarga ajratadi va ularni so‘zlar, gaplarga aylantiradi. Shu tariqa bemorning ichki nutqi ovozli shaklda namoyon bo‘ladi.

Qurilmani klinik sinovdan o‘tkazishda uch nafar lateral amyotrofik skleroz (LAS) bilan kasallangan va bir nafar insult o‘tkazgan bemor ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, implant yordamida fikrlarni ovozga aylantirish aniqligi 74 foizgacha yetgan. Bu ko‘rsatkich miyaning tabiiy nutqni qayd qilishi bilan solishtirilganda juda yuqori natija hisoblanadi.

Yangi texnologiyaning eng muhim jihati shundaki, u bemor gapira olmasa ham ishlayveradi. Qurilma faqat tasodifiy fikrlarni emas, ichki nutqni ham qayd etadi, masalan, miyada sanalayotgan raqamlar yoki odamning o‘zi bilan o‘zi gaplashishini.

Maxfiylik masalasi o‘ylab chiqilgan: bemor xohlasa, miyasi orqali parol o‘ylab, uni qurilmaga kiritadi va shu bilan fikrlarini ochish yoki berkitishni o‘zi boshqaradi. Tadqiqotchilar “chitty chitty bang bang” degan parolni sinagan va u 98 foiz holatda to‘g‘ri ishlagan.

Mutaxassislarning aytishicha, bu texnologiyaning klinik ahamiyati katta, negaki gapira olmaydigan bemorlar uchun muloqot imkoniyatini qayta tiklash ularning hayot sifatini tubdan yaxshilashi mumkin. Bundan tashqari, mazkur implantlarni kelajakda sun’iy intellekt bilan integratsiyalashgan kommunikatsiya vositaci sifatida gaplarni turli tillarga avtomatik tarjima qiluvchi qurilma qilib ishlatish mumkin.

Biroq ushbu texnologiyaning keng tarqalishi bir qator etik va xavfsizlik masalalarini ham yuzaga keltiradi. Masalan, odamning shaxsiy fikrlari faqat o‘zi xohlasa ochilishi, ma’lumotlar ishonchli saqlanishi va bemor ruxsatisiz hech qanday signal yozib olinmasligi juda muhim. Shu sabab ularning maxfiylik qoidalarini aniq belgilab qo‘yish zarur.

 

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid