Jahon | 07:57 / 20.08.2025
6868
3 daqiqa o‘qiladi

10 ga yaqin davlat Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyor – OAV

Buyuk Britaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlari Ukrainada xavfsizlik kuchlarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. AQSh o‘z askarlarini yubormasligini ma’lum qildi.

Foto: army.mod.uk

Yevropaning 10 ga yaqin davlati keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi tugaganidan keyin o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyor, deb xabar berdi Bloomberg agentligi manbalarga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa rasmiylari 19 avgust kuni tinchlik kelishuvi doirasida Britaniya va Fransiya harbiylarini yuborish rejasini, jumladan, qo‘shinlar soni va ularning joylashuvini muhokama qilgan.

Buyuk Britaniya hukumati yaqin kunlarda Yevropa harbiy amaldorlari AQSh vakillari bilan uchrashib, «xavfsizlikning ishonchli kafolatlarini ishlab chiqish va harbiy harakatlar to‘xtatilgan taqdirda xavfsizlik kuchlarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rishni» ma’lum qildi.

Bloomberg manbalarining qo‘shimcha qilishicha, qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari paketining birinchi bosqichida Ukraina Qurolli kuchlarini ukrainalik harbiylarni o‘qitish va shaxsiy tarkibni to‘ldirish orqali mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Bu ish bilan asosan yevropalik harbiylardan iborat ko‘p millatli guruh shug‘ullanishi, Buyuk Britaniya va Fransiya esa front chizig‘idan uzoqda joylashtiriladigan yuzlab askarlarini Ukrainaga yuborishi kutilmoqda.

Rejaning boshqa qismi, manbalarning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi, bu razvedka ma’lumotlarini almashish, chegaralarni kuzatish, qurol-yarog‘ va ehtimol, havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.

Rossiya hukumati Ukrainada NATO qo‘shinlari joylashtirilishiga mutlaqo qarshi. «Ukrainada NATO davlatlari ishtirokidagi harbiy kontingent paydo bo‘lishini nazarda tutuvchi har qanday ssenariylarni qat’iyan rad etish bo‘yicha bir necha bor bildirilgan pozitsiyamizni tasdiqlaymiz», dedi 18 avgust kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

AQSh rasmiylari Ukrainaga amerikalik askarlarni yubormasligini, biroq xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainani havodan qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytdi.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari paketi shu haftadayoq, ya’ni 24 avgustgacha shakllantirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid