Iqtisodiyot | 14:24 / 20.08.2025
4728
3 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy mehmon uylarining kengayishiga ruxsat beriladi

Oilaviy mehmon uylari uchun mijozlarning kunlik me’yori 10 nafardan 20 nafargacha oshiriladi. Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqarida joylashgan mehmonxonalar uchun turistik yig‘im bekor qilinadi. Mehmonxona qurish uchun keyingi 3 yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

Foto: Turizm qo‘mitasi

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Dasturga ko‘ra, kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Ko‘p tadbirkorlar davlat obektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantiryapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lashga majbur. 2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. 2026 yil 1 yanvardan bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.

Qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni o‘ziga tortadi, servis gurkirab rivojlanadi. Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqning Qorabog‘ mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida “yil 12 oy” xizmat ko‘rsatadigan 300-500 gektarli yirik kurort zonalari tashkil etiladi. Bu loyihalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar beriladi.

Ma’lum qilinishcha, yil boshidan beri O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqqan. Kelasi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetishi prognoz qilinyapti.

Eslatib o‘tamiz, mazkur muammo mehmonxona sohasi va muvofiqlikni baholash hamda audit idoralari vakillari ishtirokida o‘tgan ochiq muloqotda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan edi.

Mavzuga oid