O‘zbekiston | 21:05 / 20.08.2025
2362
3 daqiqa o‘qiladi

Senat qo‘mitasi ijtimoiy masalalarga oid qonunlarni muhokama qildi

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida ijtimoiy masalalarga oid qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Foto: senat.uz

Majlisda “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun yuzasidan Qo‘mita xulosasini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Muhokama jarayonida ushbu Qonun aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Unda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi, sug‘urta hodisasi, sug‘urtalangan shaxsning, sug‘urtalovchining, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari mustahkamlangan.

Shuningdek, Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari manbalari, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badallarini to‘lovchilar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi qator masalalar nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Qo‘mita a’zolari hamda ekspertlar tomonidan ushbu Qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish va mavjud qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Xususan, Qonunda vakolatli organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmaganligi, ijtimoiy kafolatlar yetarli darajada belgilanmaganligi, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badalini hisoblash muddatlari va tartibi, sug‘urta badalini to‘lash bo‘yicha kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish tartibi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar miqdorlari va davrlari aks etmaganligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida ushbu Qonunni qayta ko‘rib chiqish lozimligi yuzasidan xulosani Senat Kengashiga kiritish bo‘yicha Qo‘mita qarori qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonunning maqsadi ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunda ijtimoiy ish sohasidagi asosiy tushunchalar aks ettirilgan bo‘lib, ijtimoiy ish sohasining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ishni tashkil etish, ijtimoiy ish sohasini tartibga solish, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam sohasidagi davlat nazorati, ijtimoiy xodimning majburiyatlari, ijtimoiy xodim faoliyatining kafolatlari belgilab berilayotganligi ta’kidlandi.

Qonun yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ekspertlarning takliflari eshitildi va batafsil o‘rganishlardan so‘ng Qo‘mita tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid