Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Faqat Moskvada emas» - Zelenskiy Putin bilan ehtimoliy uchrashuv haqida gapirdi
Ukraina prezidentining fikricha, bunday uchrashuv Yevropaning neytral davlatida bo‘lib o‘tishi kerak.
Ukraina Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuvga tayyor, ammo Rossiya bunga tayyor bo‘lmasa, AQSh kuchli reaksiya bildirishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
«Ikki tomonlama uchrashuvga darhol munosabat bildirdim. Biz tayyormiz. Ruslar tayyor bo‘lmasa-chi? Yevropaliklar bu masalani ko‘tardi. Agar ruslar bunga tayyor bo‘lmasa, unda biz Qo‘shma Shtatlarning bunga kuchli reaksiyasini ko‘rishni xohlardik», deb ta’kidladi u.
Zelenskiyning qayd etishicha, AQSh Putin avval Ukraina prezidenti bilan ikki tomonlama, keyin esa Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvga rozi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
«Tan olishim kerak, chunki agar tomonlardan biri bu urushni tugatishni istamasa, Amerika bunga javob qaytaradi. Biz bu urushning tugashini istaymiz va buni aniq ko‘rsatmoqdamiz. Shunday qilib, endi Rossiya tomonidan qadam tashlanishi kerak», deb ta’kidladi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining fikricha, uchrashuv neytral Yevropada, masalan Shveytsariya yoki Avstriyada o‘tkazilishi adolatdan bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Yevropa yetakchilari ham qo‘llab-quvvatlamoqda, chunki urush Ukrainada va Yevropa qit’asida. «Moskvada uchrashuv bo‘lishi mumkin emas», deb ta’kidladi u.
Zelenskiyning aytishicha, Yevropa yetakchilari ishtirokida Oval kabinetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ruslar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Amerika tomonining muvofiqlashtiruvchi guruhi AQSh davlat kotibi Marko Rubio, AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff va AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vensdan iborat bo‘lishi kelishilgan.
Shu bilan birga, u Ukraina 7-10 kun ichida xavfsizlik kafolatlari arxitekturasi haqida tushunchaga ega bo‘lishni istayotganini ta’kidladi.