O‘zbekiston | 12:21 / 21.08.2025
15106
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda noqonuniy boshlangan qurilish tuproq o‘pirilishiga olib keldi

Yakkasaroy tumanining Salar ko‘chasida noqonuniy tarzda boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi bir necha metr masofadagi boshqa bir ko‘p qavatli uyning hovlisiga zarar yetkazdi.

Foto: Qurilish inspeksiyasi

Toshkentda noqonuniy boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi sabab aholi uylaridan bir necha metr masofada tuproq o‘pirilishi ro‘y berdi.

Voqea Yakkasaroy tumani Salar ko‘chasida, Dilbuloq mahallasidagi ko‘p qavatli uylar hududida sodir bo‘lgan.

Qurilish inspeksiyasining ma’lum qilishicha, bu yerdagi qurilish ishlari “Lyuks Loyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun “Arxitektura va shaharsozlik kengashi” ishchi organi hamda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning ijobiy xulosalari olingan.

Qurilish obektining A bloki Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Shu kunga qadar inspeksiya tomonidan obektda 10 marta monitoring o‘tkazilib, 11 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, qurilish me’yor va qoidalariga rioya qilinmagani sababli buyurtmachi ikki marotaba ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Biroq, loyihaning G4 bloki bo‘yicha vaziyat boshqacha. Bu blok “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”dan ijobiy xulosa olgan bo‘lsa-da, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan xulosa olinmagan. Shu bois mazkur blok inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tmagan va qurilish ishlari noqonuniy boshlangani aniqlandi. Holat yuzasidan inspeksiya tomonidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot berilgan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida buyurtmachi “O‘zkommaishiysavdo” MChJ tomonidan G4 blok uchun kotlovan qazish ishlari olib borilayotganda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgani aniqlangan. Shu sababli kotlovandagi sizot suvlarini chiqarish imkoni bo‘lmagan, natijada suv darajasi ko‘tarilib ketgan. Buning oqibatida qo‘shni “Grand Capital” MChJ tomonidan ilgari qurilgan yerosti avtomashina turar joyining qayta ko‘milgan joylarida tuproq siljishi yuz berib, sirpanishga sabab bo‘lgan.

Foto: Qurilish inspeksiyasi
Foto: Tashkent_Land Telegram-kanali

Mavzuga oid