Jahon | 07:46 / 23.08.2025
12624
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga isiriq olib borgan tojikistonlik ayol 8 yilga qamaldi

Isiriq Rossiyada tarkibida giyohvandlik moddasi mavjud o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: sugdnews.com

Rossiyada sud Tojikiston fuqarosini isiriq (hazorispand, garmala) o‘simligini mamlakatga olib kirishga uringani uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda respublika Bosh prokuraturasiga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.

Tojikistonlik ayol Rossiya aeroportlaridan birida qo‘lga olingan. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi («Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay saqlash, tashish, ishlab chiqarish va qayta ishlash») va 229.1-moddasi 3-qismi («Rossiya bojxona chegarasi orqali tarkibida giyohvand moddalar bo‘lgan o‘simliklarni noqonuniy olib o‘tish») bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

«Tergov yakunlangach, jinoyat ishi sudga yuborildi, sudlanuvchi 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi», deyiladi Tojikiston Bosh prokuraturasi xabarida.

Bosh prokuratura Rossiya hududiga isiriq olib kirish va undan foydalanishga urinishdan ogohlantirib, «10 birlikdan ortiq hazorispandni» tashish va saqlash uchun qoidabuzar 1 million rublgacha jarima yoki umrbod qamoq jazosiga tortilishi mumkinligini eslatdi.

2024 yil fevral oyida isiriq Rossiyadagi noqonuniy aylanishi va saqlanishi uchun jazo nazarda tutilgan giyohvandlik moddalari mavjud o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Buning sababi garmin - gallyutsinogen va markaziy asab tizimini rag‘batlantiruvchi modda bo‘lib, u birinchi marta qo‘llanganidan so‘ng ham jismoniy va ruhiy salomatlik uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘simlikdan foydalanish keng tarqalgan. Isiriq odatda tutatiladi va turli maqsadlarda, masalan tibbiyotda ishlatiladi.

Mavzuga oid