Biznes | 11:45 / 25.08.2025
6008
2 daqiqa o‘qiladi

TBC Bank OLX Uzbekistan’ni sotib oldi

Foto: Kun.uz

TBC Bank OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib oldi. Endi kompaniya bankka integratsiya qilinadi, platformada raqamli bank mahsulotlari paydo bo‘ladi. Biroq OLX nomi o‘zgarmasligiga kelishilgan.

Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group edi. Ta’kidlashicha, bitim TBC Uzbekistan’ga O‘zbekistondagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan oltinchi sayt bo‘lgan OLX uz orqali yangi mijozlar segmentlariga kirish imkonini beradi. OLX Uzbekistan oyiga 5,4 mln faol foydalanuvchi va 2,2 mln dolzarb e’lonlarga ega.

“Bitim O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan texnologik sektori uchun muhim voqea bo‘ldi va so‘nggi 30 yil ichida eng yirik qo‘shilish va sotib olishlar qatoriga kirdi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

OLX uz’ni sotib olish uchun TBC Bank Group Titan Investmens bilan qo‘shma korxona tashkil etdi — bu institutsional investorlar, oilaviy sarmoyalarni boshqarish kompaniyalari va Yaqin Sharq suveren fondlari bilan ishlaydigan xalqaro investitsiya holding kompaniyasi hisoblanadi.

Qo‘shma korxona OLX Uzbekistan aksiyalarining 100%ini sotib oladi, TBC Bank Group esa 50% + 1 aksiyaga, Titan Investmens esa qolgan ulushga egalik qiladi. Shartnoma kerakli tartibga solish ruxsatnomalarini olgandan keyin yakunlanishi kerak.

TBC Uzbekistan raqamli bank mahsulotlarini OLX Uzbekistan’ga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. OLX Uzbekistan o‘z brendi ostida faoliyatini davom ettiradi.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani OLX Uzbekistan onlayn e’lonlar platformasini sotib olish kengayish va diversifikatsiya strategiyasida mantiqiy qadam ekanligini ta’kidladi.

Bu kompaniyaga yangi mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha segmentlarga kirish va auditoriya e’tiborining ulushini oshirish imkonini berishiga umid qilinyapti.

Mavzuga oid