Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada minalashtirilgan yerlar maydoni Angliya hududi o‘lchamidan oshdi
Mamlakat 2023 yildan beri dunyodagi eng ko‘p minalashtirilgan davlatlardan biri hisoblanadi.
Iyun oyiga kelib, Ukraina hududining minalar va boshqa portlovchi moddalar bilan qoplangan maydoni 139 ming kv.km.ga yetdi, bu Angliya o‘lchamidan (130 ming kv.km.) ko‘proq, deb xabar berdi Xalqaro siyosiy tadqiqotlar instituti (ISPI).
Ma’lumotlarga ko‘ra, xavfli hududlar va ularga yaqin joylarda 6 milliondan ortiq odam yashaydi. Ayniqsa, Xarkov, Sumi va Zaporojiye viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi yerlari katta zarar ko‘rgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining Guardian nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya bosqini boshlanganidan beri minalar va o‘q-dorilar portlashi oqibatida 359 nafar tinch aholi, jumladan 18 nafar bola halok bo‘lgan, yana mingga yaqin kishi jarohatlangan.
BMT Ukrainani minalardan tozalash dasturi menejeri Pol Xeslopning ta’kidlashicha, mamlakat hududining deyarli 25 foizi portlovchi moddalar bilan qoplangan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, gap 1 milliondan ortiq shunday qurilmalar haqida ketmoqda. Rus qo‘shinlari chekinish chog‘ida hududlarni minalashda davom etmoqda. Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlarining ozod qilingan hududlarida portlamagan juda ko‘p o‘q-dorilar - raketalar, granatalar va artilleriya snaryadlari qolmoqda.
«Biz ilgari ko‘rmagan murakkablik va ko‘lam darajasiga duch kelmoqdamiz», deb ta’kidladi Xeslop.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 5-10 kg portlovchi moddasi bo‘lgan piyodalar va tanklarga qarshi yirik minalar alohida xavf tug‘diradi. Ular og‘ir texnika: avtomobillar, yuk mashinalari va tanklar urilganda ishga tushadi. Dronlardan otilgan o‘q-dorilar ham qo‘shimcha xavf tug‘diradi, bu esa sapyorlarning ishini murakkablashtiradi va tinch aholi uchun xavfni oshiradi.
Ukraina 2023 yildan beri dunyodagi eng ko‘p minalashtirilgan davlatlardan biri hisoblanadi. Yaqinda u Polsha, Finlyandiya, Estoniya, Latviya va Litvaga qo‘shilib, minalardan foydalanishni cheklovchi Ottava konvensiyasidan chiqishini e’lon qildi. Kiyev bu qadamni Rossiya agressiyasi fonida mudofaani kuchaytirish zarurati bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, rasmiylar minalardan tozalash davlat gumanitar siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda.
Ukraina Tabiatni muhofaza qilish vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, ustuvor hududlarni, shu jumladan tabiatni muhofaza qilish zonalarini minalardan tozalash uchun taxminan 10 yil va 38 milliard dollar kerak bo‘ladi. To‘liq tozalash esa yuzlab yillar davom etishi mumkin.