Jahon | 17:25 / 27.08.2025
9055
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning barcha hududlarida bombapanohlar qurish boshlandi – OAV

Turkiya Milliy razvedkasi «Isroil va Eronning 12 kunlik urushi»ga oid tayyorlagan hisobotida hukumatga – erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish va yaxshi jihozlangan bombapanohlar qurishni tavsiya qilgandi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, ehtimoliy urush yoki tahdidlar fonida allaqachon bunkerlarni qurish boshlangan.

Anqara / Foto: ABBPhoto

Turkiyaning barcha 81 viloyatida ehtimoliy urush vaqtida saqlanish uchun bombapanohlar qurish boshlandi. Bu haqda rasmiy Anqaraning rejalari bilan tanish manbasiga tayanib Middle East Eye nashri xabar bermoqda.

Nashr manbasiga ko‘ra, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu loyihani iyun oyida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’qullagan. O‘sha paytda Eron va Isroil 12 kunlik urush holatida bo‘lib, Isroil Eronga havo hujumlari uyushtirgan, Tehron esa bunga ballistik raketalar bilan javob qaytargan edi.

Turkiya Uy-joy qurilish boshqarmasiga bunkerlarni qurish vazifasi yuklatilgan. Ma’lum qilinishicha, Turkiya Milliy razvedka akademiyasi tayyorlagan «Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik urushi»ga oid hisobotda – hukumatga erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish va yaxshi jihozlangan bombapanohlar qurish tavsiya qilingan.

Hisobotda, shuningdek, yirik shaharlardagi metro stansiyalaridan foydalanish va mintaqaviy mojaro yuz bergan taqdirda tinch aholi orasida talafotlarni minimallashtirish choralarini qo‘llash takliflari mavjud.

Tel-Avivdagi bombapanoh / Foto: Times of Israel

Nashrning yozishicha, turk rasmiylarida Isroilning yirik shaharlarda barpo etilgan keng qamrovli havo hujumidan saqlanish binolari tarmog‘i katta taassurot qoldirgan. Ushbu bombapanohlar bombardimonlar vaqtida tinch aholiga boshpana bo‘lish imkonini berdi.

Seshanba kuni Turkiyaning NTV telekanali ushbu tashabbusning maqsadi «mumkin bo‘lgan urushlar yoki ofatlar, jumladan, yadro tahdidlarida tinch aholining himoyalanishi mumkin bo‘lgan xavfsiz hududlar yaratish» ekani haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda Turkiyada yetarli darajada panohgoh infratuzilmasi mavjud emas va mavjud obektlar ham asosiy talablarga javob bermaydi. Xususan, 1987 yilda qabul qilingan «Turkiyadagi bombapanohlarni tashkil qilish»ga doir nizom muayyan hajmdagi binolarda panohgoh bo‘lishini talab qiladi. Biroq amalda bu talab ko‘p hollarda e’tiborsiz qoldirilgan: bombapanoh sifatida belgilangan hududlar ko‘pincha avtoturargoh yoki ombor sifatida ishlatilgan.

Qurilish uchun mas’ul tashkilotlar bombapanohlarni qurishda Yaponiya va Shveytsariya kabi xalqaro tajribalar o‘rganilganini bildirgan. NTVʼning qo‘shimcha qilishicha, qurilish allaqachon ayrim shaharlarda, jumladan, poytaxt Anqarada boshlangan. 

Mavzuga oid