Iqtisodiyot | 07:40 / 27.08.2025
1343
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro moliya institutlarining milliy valutadagi obligatsiyalari chiqariladi

ILMA direktorining buyrug‘i bilan Xalqaro moliya institutlarining milliy valutada ifodalangan obligatsiyalarini chiqarish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Shutterstock

Hujjatda XMI obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va ularning muomalasi hamda ularni keyinchalik so‘ndirish jarayonlarini tartibga soluvchi normalar belgilangan. Ro‘yxatdan o‘tkazish kelishuv tartib-taomillaridan o‘tmasdan Yagona davlat reyestrida (YaDR) hisobga olish orqali amalga oshiriladi.

Eng muhim shartlardan biri emitentning ILMA tasdiqlagan XMI ro‘yxatiga kiritilishi hisoblanadi. Obligatsiyalar chiqarilishi yoki obligatsiyalar dasturini ro‘yxatdan o‘tkazish ariza va muayyan hujjatlar to‘plami asosida amalga oshiriladi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati 15 ish kunidan oshmasligi kerak.

Obligatsiyalarni joylashtirish va ularning muomalasi «Toshkent» fond birjasida amalga oshiriladi, bunda Markaziy bank bilan tijorat banklari o‘rtasida RePO vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Emitent obligatsiyalarni joylashtirish va ularning muomalasi tugaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor qilishi shart.

Shuningdek, ularning ro‘yxatdan o‘tkazish raqami YaDRdan chiqarib tashlangan holda so‘ndirilgan obligatsiyalarni bekor qilish tartib-taomili nazarda tutilgan.

XMI obligatsiyalari birja qimmatli qog‘ozlari shaklida chiqarilishi mumkin, ular bo‘yicha daromadlarni to‘lash va ularni so‘ndirish korporativ obligatsiyalar uchun belgilangan qoidalar singari tartibga solinadi. Banklar tomonidan bunday obligatsiyalar sotib olinganda Markaziy bankning prudensial me’yorlari va risklarni boshqarish talablari qo‘llaniladi.

Axborotni oshkor qilishga alohida e’tibor berilgan: emitent obligatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni Korporativ axborotning yagona portalida yoki o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirishi shart. Talablarni buzganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlik belgilangan.

Qabul qilingan choralar O‘zbekistonda XMI faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish va ichki moliya bozorini rivojlantirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid