O‘zbekiston | 20:01 / 29.08.2025
3073
6 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rlangan yerlarda tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llanishi mumkin

Toshkentda suv xo‘jaligi sohasida 180 ga yaqin ilmiy ishlanmalar va ixtirolar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ularni ishlab chiqarishga joriy etish, moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Suv xujaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Agrobank” tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda suvni tejash va yangi suv manbalarini yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

28 avgust kuni Toshkentda suv xo‘jaligiga oid ilmiy ishlanmalar va ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Professor Muhammadxon Hamidovning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha ekinlarni tomchilatib sug‘orish tartiblari ishlab chiqilmagan edi. Biroq hozirga kelib bu bo‘yicha tavsiyalar tayyorlangan.

“Keyin sug‘orish texnologiyalari samaradorligini oshirishda ularning sug‘orish texnikasi elementlari bo‘yicha ilmiy tavsiyalar bo‘lishi kerak. Hozir ma’lum joylarda bor, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari samaradorligi pasayib ketgan. Tomchilatkichlarning suv sarfi qancha bo‘lishi kerak, orasidagi masofa qancha bo‘lishi kerak, sug‘orish quvurlari orasidagi masofa qancha bo‘lishi kerak, mana shularni tuproqqa va ekin turiga qarab ilmiy asoslangan tavsiyalarimiz bor. Ularni qo‘llasa bo‘ladi”, - deydi Hamidov.

Professorning aytishicha, sho‘rlangan yerlarda tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash tavsiya qilinmaydi. Lekin Mikrobiologiya instituti bilan birgalikdagi buning yo‘li topilgan.

“Biopreparatlardan foydalanib, tomchilatib sug‘orishning shu sho‘rlangan yerlarda ham samarador bo‘lishini tasdiqlovchi texnologiyani yaratganmiz”, - deydi u.

Shuningdek, Muhammadxon Hamidov suv tanqis bo‘lgan yoki mexanik suv ko‘tarib sug‘oriladigan joylarda kollektor zovur suvlarini biologik usulda mineralizatsiyasini pasaytirib, uni sug‘orma dehqonchilikda qo‘llash texnologiyasi taqdimot qilinganini aytdi.

“Bu texnologiya bir tomondan suvni tejashga yangi suv manbalarini yaratib beradi. Ikkinchi tomondan suvo‘tlari xomashyo sifatida biogaz ishlab chiqarib, keyingi jarayonda elektr energiya ishlab chiqarish imkonlarini yaratadi”, - deydi professor.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti direktori Abduvohid O‘razkeldiyevning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, Qashqadaryodagi kanallarni betonlashtirish o‘rniga bazaltdan foydalanilishi mumkin.

“Bu beton o‘rniga alternativ bo‘lgan bazalt, ya’ni geomembrana va bazaltdan qilingan to‘r setkalarni qo‘ygan holda, u yerda tadqiqot ishlarini olib boryapmiz. Bundan tashqari, olimlarimiz tomonidan mana bu suv omborlarini loyqadan tozalash yoki undan chiqqan materiallarni ishlatish masalalari bo‘yicha ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilyapti”, - deydi O‘razkeldiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olimlar ishlanmalari uchun rag‘batlantirib boriladi.

“Bizning olimlarimiz tomonidan fermer, klasterlar bilan shartnomalar tuziladi va mana shu shartnoma asosida olimlarimiz klaster, fermer xo‘jaliklaridagi dala maydonlariga borib, bevosita o‘zlarining ilmiy xulosalarini berib boradi. Ya’ni boyagi tomizgichlarimiz qanday bo‘lishi kerak, tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda, o‘zlarining tavsiyasini berib boradi va mana shu tariqasida shartnoma asosida institutimiz jamg‘arma fondiga mablag‘ tushirib beradilar”, - deydi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti direktori Abduvohid O‘razkeldiyev.

Uning ta’kidlashicha, imzolangan memorandumlar va bitimlar doirasida Xorazm, Toshkent va Jizzax viloyatlarida ishlar boshlanadi. Xususan, Buxoroda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yuvmasdan yetishtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Tadbirda “Agrobank”ning Suvchilar maktabi jamoasi ham ishtirok etdi.

“Xitoy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan avtomatik, masofaviy boshqarish, suvni ochib-yopish, suv hisobini yuritish bo‘yicha yangi loyiha bor ekan. O‘sha loyiha bilan gaplashdik, uni Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi tajriba maydonimizda sinab ko‘rishni rejalashtirdik. Bundan tashqari mana “Kavsar Irrigation” kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan mobil quyosh panellari bilan jihozlangan nasos stansiyasi ham qiziqtirdi. Bunda asosan diskret sug‘orishga mo‘ljallangan ekan. Bu mobil, ya’ni mavsum davomida sug‘orib, ixcham yig‘ishtirib olgan holda fermer o‘z dalasiga olib qo‘yishi, zarur hollarda tomorqasida sug‘orish ishlarini tashkil qilish imkoniyati ham mavjudligi bizni qiziqtirdi”, - deydi Suvchilar maktabi direktori Farhod Saidov.

Ochiq muloqot yakunida ilmiy va oliy ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik, ishlanmalarni xarid qilish, moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ma’lumot o‘rnida, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti shu yilda umumiy hajmi 7,3 mlrd so‘mlik 82 ta ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid