O‘zbekiston | 12:38 / 29.08.2025
3613
2 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”da Oltinko‘l tumanidagi loyihalarga ovoz berish boshlandi

Tuman mas’ullari fuqarolar kiritgan tashabbuslarning aksariyatini asossiz tarzda saralashdan o‘tkazmagan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining talabi bilan, tuman komissiyasi saralashni qaytadan o‘tkazdi va endi Oltinko‘ldagi loyihalar ovoz to‘plash uchun 3 kun muddatga ega. Xuddi shunday holat kuzatilgan Ulug‘nor tumani borasida hozircha yangilik yo‘q.

29 avgust soat 12:40 holatiga Oltinko‘ldan eng ko‘p ovoz to‘plagan 6 ta loyiha

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz berish bosqichi 29 avgustdan boshlandi va bu bosqich 3 kun davom etadi.

Joriy yilgi 2-mavsumda tuman ishchi komissiyasi loyihalarni asossiz rad etgani sababli, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari hokimliklariga loyihalarni belgilangan mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rov yuborgan va bu tumanlarda ovoz berish bosqichi o‘tkazilmayotgan edi.

Boshqa barcha tumanlarda ovoz berish 22 avgustdan boshlangan va 31 avgustgacha (shu kuni ham) davom etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, Oltinko‘l tumani ishchi komissiyasi vazirlikning so‘roviga javoban loyihalarni qayta ko‘rib chiqqan. Natijada loyihalardan 93 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazilib, 23 ta loyiha amaldagi mezonlarga zid bo‘lgani sababli (sababi asoslantirilgan holda) rad etildi.

Ma’lumot uchun, ushbu tumanda fuqarolar tomonidan jami 116 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, bundan avvalgi mojaroli holatda ulardan atigi 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan, 94 ta loyiha asoslantirilmagan holda rad etilgan edi.

Shu munosabat bilan, “Ochiq budjet” portalida Oltinko‘l tumani bo‘yicha saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi 29 avgustdan boshlab o‘tkazilmoqda.

Oltinko‘l tumani bo‘yicha loyihalarga ovoz berish an’anaviy ovoz berish bosqichi bilan bir vaqtgacha, ya’ni 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

“Yuzaga kelgan noqulayliklar bartaraf etilganini ma’lum qilgan holda Oltinko‘l tumani aholisidan ovoz berish bosqichida faol ishtirok etishlarini so‘rab qolamiz”, – deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabarida.

Ulug‘nor tumani bilan nima bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

Mavzuga oid