Jahon | 15:08 / 30.08.2025
3112
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Fransiya Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi

Diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, Kreml Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish uchun choralar ko‘rmayapti, deya ma’lum qildi Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi hukumatlararo maslahatlashuvlar ishtirokchilari. Mamlakatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni ko‘rib chiqmoqda.

Foto: AP

Bir kun avval Rossiyaning Ukrainaga bergan ommaviy zarbasiga javoban Germaniya va Fransiya Kiyevdagi hukumatni havo mudofaasi sohasida qo‘shimcha yordam berishga ishontirdi va Moskvaga sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qildi. 29 avgust, juma kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va boshqalar ishtirok etgan Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi hukumatlararo maslahatlashuvlarda: «Intensiv xalqaro diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, Rossiya Ukrainaga qarshi o‘zining agressiv urushini to‘xtatishga tayyor emas», deya bayonot berildi.

Ukraina Qurolli kuchlariga harbiy yordamni oshirishdan tashqari, Rossiya boshlagan urushni tugatish uchun Rossiyaga «maksimal bosim» o‘tkazish maqsadida unga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Berlin va Parij G7 hamda Yevropa Ittifoqining bo‘lajak yig‘ilishlarida buni himoya qiladi, deya qayd etdi qo‘shma bayonot mualliflari.

Hujjatda aytilishicha, sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlayotgan uchinchi davlat kompaniyalariga ham qaratilgan bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, bayonotda o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda Germaniya va Fransiyaning quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborishi haqida so‘z bormagan, deya aniqlik kiritadi dpa.

Mavzuga oid