Jahon | 20:14 / 01.09.2025
12319
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda zilzila qurbonlari soni 800 dan oshdi

2800 dan ortiq inson jarohatlangan. O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi.

Foto: Wakil Koshar / AFP / Getty Images

1 sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan zilzila 800 dan ortiq kishining hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi. Yana 2800 nafardan ortiq inson jarohatlangan. Bu haqda “Tolibon” hukumati rasmiysi Zabihullo Mujohid ma’lum qildi.

Vayronalar ostidan omon qolganlar qidirilmoqda.

“Mahalliy rasmiylar va aholi jabrlanganlarni qutqarish uchun hamma choralarni ko‘ryapti. Poytaxtdan va atrof viloyatlardan yordam guruhlari allaqachon yo‘lda. Insonlarni qutqarib olish uchun barcha resurslar yo‘naltiriladi”, – deya yozdi Mujohid X tarmog‘idagi postida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan birodar Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi.

AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan 31 avgust soat 23:47 da sodir bo‘lgan, episentri Nangarhor viloyatining Jalolobod shahridan 27 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. U atigi 8 kilometr chuqurlikda bo‘lgan, chuqur bo‘lmagan zilzilalar esa odatda katta halokatlarga olib keladi.

Taxminan 20 daqiqadan so‘ng o‘sha viloyatda 4,5 magnitudali aftershok qayd etilgan. Yer silkinishlari tog‘li Kunar viloyatida ham sodir bo‘lgan. Ofat ta’sir qilgan hududlarda ko‘plab loyli va toshli uylar vayron bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda 2023 yil 7 oktyabrda 6,3 magnitudali zilzila ro‘y bergan, o‘shanda “Tolibon” hukumatining hisob-kitoblariga ko‘ra kamida 4 ming kishi halok bo‘lgan. BMT esa qurbonlar sonini 1500 kishidan kamroq deb baholagan.

Mavzuga oid