Texnologiya | 21:31 / 01.09.2025
4971
2 daqiqa o‘qiladi

Apple yangi iPhone’larda SIM-karta slotidan butunlay voz kechadi

Buning o‘rniga yangi smartfonlarda eSIM ishlatiladi.

Apple AQShda sotiladigan iPhone’lardagi SIM-karta slotidan voz kechishga qaror qilgan edi. 9To5Mac xabariga ko‘ra, Yevropada sotiladigan iPhone 17 smartfonlarini ham xuddi shunday taqdir kutmoqda. Buning o‘rniga yangi smartfonlarda eSIM ishlatiladi.

Ma’lum qilinishicha, Apple Yevropadagi firma do‘konlaridagi xodimlarini eSIM texnologiyasi bilan ishlashni o‘rganishga majbur qilgan. Kursni yakunlashning so‘nggi muddati 5 sentabr, ya’ni iPhone 17 taqdimotidan bir necha kun oldin qilib belgilangan. Taqdimot 9 sentabrga belgilangan.

eSim - bu foydalanuvchilarga jismoniy plastik SIM-kartadan foydalanmasdan uyali aloqa tarif rejasini faollashtirish imkonini beruvchi raqamli SIM-karta. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iPhone’dan SIM-karta uchun slotni olib tashlash bir qator afzalliklarga ega bo‘ladi:

  • Smartfon korpusida joy bo‘shashi akkumulyator sig‘imini oshirish yoki boshqa komponentlarni joylashtirish uchun ishlatilishi mumkin.
  • Fizik tirqishning yo‘qolishi konstruksiyani soddalashtiradi, chang va namlikdan himoya qilish darajasini oshiradi.
  • Nihoyat, butun dunyo bo‘ylab apparat platformasini birlashtirish kompaniya uchun ishlab chiqarish jarayoni va logistikani ham soddalashtiradi.

2024 yil noyabr oyida The Information nashri iPhone 17 Air’ning barcha versiyalarida, mintaqadan qat’i nazar, smartfonning qalinligi tufayli SIM-karta uchun slot bo‘lmasligini yozgan edi. Ehtimol, o‘zgarishlar hozircha faqat unga taalluqlidir.

iPhone 17 smartfonlaridan tashqari, kompaniya bir vaqtning o‘zida uchta Apple Watch va AirPods 3 Pro modellarini ham taqdim qiladi. Bundan tashqari, AirTag 2 ustida ish olib borilayotgani haqida mish-mishlar bor. Insayderlar ma’lumotlariga ko‘ra, Apple bu oyda kamida 7 ta yangi qurilmani taqdim etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid