Texnologiya | 17:00 / 03.09.2025
5585
11 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Oddiy operatordan raqamli ekotizimgacha – UZTELECOM Yangi O‘zbekiston sari

Bugungi kunda UZTELECOM bu – shunchaki aloqa operatori emas. Bu – mamlakatimizdagi muhim infratuzilma va texnologik salohiyatni o‘zida mujassam etgan milliy raqamli ekotizimdir. Uning tarixi – faqatgina bir kompaniyaning emas, butun O‘zbekistonning taraqqiyot va transformatsiya yo‘lini aks ettiradi.

Ushbu ko‘rsatuvda boshqa mamlakatlar va yirik xalqaro kompaniyalarga uzoq vaqt talab qilgan bosqichlarni UZTELECOM qisqa muddat ichida muvaffaqiyatli bosib o‘tgani haqida so‘z yuritamiz.

Kompaniya 2017 yildan o‘z tarmog‘i bilan respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan yetakchi telekommunikatsiya operatori sifatida, davlat rahbari tomonidan boshlangan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang tarzda o‘sib bordi.

Mamlakatimizning shonli tarixida yangi sahifa ochilgan kundan e’tiboran, ya’ni Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan strategiyalar va ularda belgilangan chora-tadbirlar kompaniya faoliyatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazdi. O‘tgan yetti yil mobaynida prezident ilgari surgan tashabbuslari samarasi o‘laroq, “O‘zbektelekom” AK tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, rivojlangan jamiyatning hukumat tizimi, bank, sanoat, tibbiyot, ta’lim, xavfsizlik sohalari, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini olamizmi, ularning faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois bu boradagi dastlabki faoliyatlar prezidentimizning 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi qarori hamda 2020 yil 5 oktyabrda imzolangan “Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan yanada mustahkamlab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashdan boshlandi.

Shu maqsadda kompaniya o‘z oldiga telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, faoliyatga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga mos raqamli ekotizimni shakllantirish kabi tizimli vazifalarni belgilab oldi. Tabiiyki, bu maqsadlar o‘z-o‘zidan amalga oshmas edi, shu bois eng avvalo davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar asosida islohotlar rejasi ishlab chiqildi.

Tizim yangilanishi: telekommunikatsiya sohasida burilish davri

Strategiyada sohaga oid belgilangan asosiy vazifalardan biri – mamlakatimizda mavjud telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiyalash va butun respublika hududini zamonaviy optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olish edi.

Aytish joizki, 2016 yildan beri kompaniya chuqur transformatsiya yo‘lini bosib o‘tdi. Ya’ni bu davrga kelib O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasi jiddiy yangilanishga muhtoj edi. Eskirgan texnologiyalar tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini cheklab, ko‘plab hududlarda internet tezligi va sifati talabga javob bermas edi. Shunga ko‘ra o‘tgan yillar davomida yurtimizning eng olis, hatto kirib borish murakkab bo‘lgan manzillari ham tarmoq bilan qamrab olindi. Mamlakat bo‘ylab qariyb 300 000 km optik tolali liniyalar yotqizildi. Buning natijasida 2023 yil oxiriga kelib nafaqat yirik ta’lim va tibbiyot muassasalarini, balki barcha hududlardagi kundalik ijtimoiy infratuzilma obektlarini ham keng polosali internet bilan to‘liq ta’minlashga erishildi.

2018-2020 yillar kompaniya faoliyatida yangi bosqich – texnologik yangilanishlardan so‘ng, raqamli xizmat va yechimlarni kengaytirish, boshqaruv tizimini zamonaviylashtirish va infratuzilmani mustahkamlash davri bo‘ldi. Bu davrda kompaniya asosiy uch yo‘nalish – bulutli xizmatlar va data-markazlarni rivojlantirish, internet tezligi va sifatini oshirish bilan birga, narxlarni arzonlashtirish, boshqaruv tizimi va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga e’tibor qaratdi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida UZTELECOM oddiy aloqa operatoridan milliy infratuzilma platformasiga, zamonaviy raqamli xizmatlar provayderiga aylandi.

Yaratilgan texnologik, tarif va boshqaruv bazasi – elektron hukumat, data-markazlar, bulutli yechimlar, raqamli sog‘liqni saqlash va bilimlar iqtisodiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.

Bu vaqtga kelib internetdan foydalanish ko‘rsatkichlari keskin oshdi, aholining raqamli ko‘nikmalari o‘sdi, messenjerlar, video platformalar, onlayn xizmatlar, masofaviy ta’lim va elektron savdo kundalik hayotning ajralmas qismiga aylandi.

Pandemiya sharoitida: aloqa – hayotiy ta’minot sifatida

Kechagidek yodimizda, 2020 yilda butun dunyoni qamrab olgan pandemiya hayotimizni keskin o‘zgartirdi. Masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi, shifoxonalar doimiy ish rejimiga o‘tkazildi, davlat xizmatlari esa fuqarolar bilan muloqotning masofaviy shakliga o‘tdi. Bunday sharoitda aloqa shunchaki qulaylik emas, hayotni ta’minlashda muhim zaruratga aylandi. Shu bois, kompaniya raqamli infratuzilmaning uzluksiz ishlashi va aholiga barqaror aloqa xizmatlarini ta’minlab berish uchun favqulodda rejim joriy etdi. 300 dan ortiq tun-u kun faoliyat yurituvchi mobil brigadalar tashkil qilindi. Ular nosozliklarni tezda bartaraf etib, ijtimoiy muassasalarni ulash orqali lokdaun sharoitida aloqa uzluksizligini ta’minladi. Bu tibbiyot, ta’lim va davlat idoralari ish faoliyatining to‘xtamasligi uchun hal qiluvchi omil bo‘ldi.

Qisqa muddat ichida minglab muassasalar zamonaviy aloqa infratuzilmasi bilan ta’minlandi. Xususan, mamlakatda karantin e’lon qilingan bir paytda umumiy vaziyatni o‘nglash uchun 1 401 ta tibbiyot maskaniga 3 625 km, 9 471 ta ta’lim muassasasiga 2 213 km, shuningdek, talab etilgan boshqa hududlar bilan birga umumiy hisobda 11 625 km yangi optik tolali aloqa liniyasi qurildi.

Mazkur faoliyatlar nafaqat yirik shaharlardagi obektlarni, balki chekka hududlardagi qishloq maktablari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari va poliklinikalarni ham qamrab oldi. Ilgari aloqa mavjud bo‘lmagan yoki sifati past bo‘lgan hududlarda ham barqaror aloqa yaratildi.

Bundan tashqari, kompaniya pandemiya davrida ijtimoiy infratuzilmani qo‘llab-quvvatlashga jami 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi. Bu aloqa xizmatlarini yaxshilash va muassasalar infratuzilmasining yangi sharoitlarga tayyorligini ta’minlashga yordam berdi. Eng muhimi, karantin va izolyatsiya sharoitida aholining dolzarb va ishonchli ma’lumotlarga tezkor kirishini ta’minlash maqsadida kompaniya tomonidan 6 mingdan ortiq internet-resurslarga bepul kirish imkoniyati yaratildi. Pandemiya davrida www.UZTELECOM.uz sayti aholining asosiy axborot manbalaridan biriga aylandi.

Pandemiya butun mamlakat infratuzilmasi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Tezkor yo‘lga qo‘yilgan zaruriy chora-tadbirlar natijasida kompaniya ushbu murakkab davrda ishonchli va uzluksiz aloqa, infratuzilma, texnik yordam hamda zamonaviy yechimlar orqali mamlakatning raqamli salohiyati barqarorligini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi.

Raqamli hayotning yangi bosqichi: imkoniyatlar tenglashuvi, zamonaviy qulaylik va yuqori texnologik daraja

Raqamli O‘zbekistonning poydevori ayni shunday yaratildi. Buning uchun mamlakatimiz aholisining aloqa xizmatlaridan foydalanishi telekommunikatsiya nuqtayi nazaridan “ko‘rinmas” bo‘lgan chekka hududlarda ham yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoniyati yaratildi. O‘tgan yillar davomida infratuzilma jadal rivojlantirildi, tayanch baza stansiyalar soni 8 barobarga oshirildi, mobil tarmoq mamlakat hududining 96 foizini qamrab oldi. Respublika bo‘yicha barcha viloyat markazlarida MDH orasida birinchi bo‘lib 5G tizimi ishga tushirildi.

Boshqacha aytganda, rekord darajadagi qisqa vaqt ichida biz ko‘lami bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari infratuzilmasidagi yutuqlardan qolishmaydigan loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik.

So‘nggi 8 yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlar odamlar uchun ham sezilarli bo‘ldi. Eng avvalo, internetning ommaviy va arzon bo‘lib qolgani. Misol uchun, 2017 yilda 150 ming so‘mga faqat 1 megabit tezlik to‘g‘ri kelishi mumkin edi. Bugun foydalanuvchilar shu mablag‘ga 200 megabitgacha olish mumkin, farq beqiyos. Bundan tashqari, joriy yilning 21 avgustidan simli internetni zamonaviy GPON va FTTx optik texnologiyalariga ommaviy o‘tkazish ishlari boshlandi. Bu har bir abonent uchun kamida 100 Mbit/s tezlik, barqaror aloqa va yuqori yuklamalarga tayyor infratuzilmadan foydalanish imkonini beradi.

Bundan tashqari, xalqaro internet kanalining narxi sezilarli darajada pasaytirildi. So‘nggi to‘rt yil ichida bir megabit/s narxi 244 958 so‘mdan 30 038 so‘mgacha, ya’ni 8 barobarga kamaydi.

Kompaniya tomonidan ishga tushirilgan milliy videokonferensaloqa hamda 120 dan ortiq telekanalni kuzatish imkonini beruvchi TelecomTV media platformasi jamiyat va oilalarning raqamli yordamchisiga aylandi.

O‘z ichiga bir qancha qulayliklarni jamlagan MyUZTELECOM ilovasi haqida ham shunday deyishimiz mumkin. Xususan, yaqinda ilova orqali jamoat transportlari – avtobus va metro uchun yo‘lkira to‘lovini amalga oshirish imkoniyati ham qo‘shildi. Bunda, yo‘lkirani abonentlik hisobidagi mablag‘dan to‘lagan mijozlarga har bir safari uchun 500 MB internet-bonus (kunigacha 5 martgacha olish mumkin) taqdim etilmoqda.

Shuningdek, kompaniyaning transport sohasida faol faoliyat olib borayotganining yana bir misoli – UZTELECOM tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlariga Wi-Fi tizimining o‘rnatilishidir. Qolaversa, bugun Toshkent metropolitenining barcha yerosti bekatlarida, aeroport, turistik maskanlar, tog‘li hududlar, ya’ni aloqa muhim bo‘lgan har bir joyda mobil aloqa va internet xizmati barqarorligi ta’minlangan.

UZTELECOM o‘z faoliyati natijasida 2023-2024 yillarda texnologik rivojlanish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va strategik boshqaruvning yuqori darajasini ko‘rsatadigan bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, kompaniya faoliyati hozirga qadar “MDH davlatlari orasida eng yaxshi rivojlanayotgan mintaqaviy operator”, “2023 yil MDH mamlakatlarining mintaqaviy operatori” va “Eng yaxshi 5G ta’minoti uchun” nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bunday o‘zgarishlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Bularning barchasiga davlat rahbari tomonidan yuritilayotgan oqilona siyosat, minglab mutaxassislarning fidokorligi va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish yo‘lida mas’uliyat bilan amalga oshirilgan samarali mehnat tufayli erishildi.

 
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid