Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IMV: «Tashabbusli budjet»da g‘olib bo‘lgan loyihalarning yarmi ichki yo‘llarga oid
2025 yilning ikkinchi mavsumi doirasida respublika bo‘ylab qiymati 3 trln 186 mlrd so‘mlik 2332 ta loyiha g‘olib deb topildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) ma’lumotlariga ko‘ra, g‘olib tashabbuslarning yarmi ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid. Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashqari barcha hududlarda ichki yo‘llar loyihalari eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet”ning 2025 yil ikkinchi mavsumi natijalari yuzasidan hisobot e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy mavsumda 18 734 ta loyiha ishtirok etdi, ular uchun jami 11 mln 137 mingta ovoz berilgan. Natijada qiymati 3,1 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 2332 ta loyiha g‘olib deb topilgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p g‘olib chiqqan loyihalar quyidagicha taqsimlangan:
• Farg‘ona viloyati – 274 ta;
• Toshkent viloyati – 230 ta;
• Samarqand viloyati – 220 ta.
IMV hisobotida qayd etilishicha, g‘olib bo‘lgan loyihalarning 51,1 foizi ichki yo‘llarga oid. Umumta’lim maktablari bilan bog‘liq loyihalar esa umumiy natijaning 20 foizini tashkil etgan.
Ovozlar soni bo‘yicha eng yuqori beshlikka Urgut, Uchko‘prik, Denov, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘om tumanlari kirgan.
Poytaxtda g‘olib bo‘lgan tashabbuslarning asosiy qismi — 44 foizi umumta’lim maktablariga oid. Sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalar esa 25 foiz ulush bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, deyarli barcha hududlarda ichki yo‘llar loyihalari eng katta ulushga ega bo‘lgan. Faqat Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bunday tendensiya kuzatilmagan. Masalan, Qashqadaryo viloyatida g‘olib bo‘lgan loyihalarning 88 foizi, Namanganda — 73 foizi, Samarqand va Xorazmda esa 64 foizi yo‘llar bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, “Ochiq budjet” portalining “Tashabbusli budjet” jarayonida 2025 yilgi ikkinchi mavsum g‘olib loyihalari 1 sentabr kuni e’lon qilingan.
Bu mavsumning birinchi bosqichi 15 iyuldan 3 avgustgacha davom etgan bo‘lib, unda loyihalar ro‘yxatga olingan. 4–18 avgust kunlari saralash bosqichi, 19–21 avgust kunlari targ‘ibot bosqichi o‘tkazilgan. 22–31 avgust kunlari esa ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tgan.
Avvalroq, “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilingani xabar qilingandi. Unga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan deputatlar har yili «Tashabbusli budjet» jarayonlarida o‘z okruglarida g‘olib chiqmagan, ammo aholining kundalik turmushiga ta’sir qiladigan ikkita (har mavsumda bittadan) loyihani tanlab, “Ochiq budjet” portaliga kiritishi mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
15:16 / 14.10.2025
Soliqlar vaqtida to‘langan mahallalarga «Tashabbusli budjet»da qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi
20:20 / 11.09.2025
“Tashabbusli budjet”da 35 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topildi
09:25 / 02.09.2025
Tashabbusli budjet jarayonida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlik kuchaytiriladi
10:35 / 01.09.2025