Jahon | 12:51 / 04.09.2025
2715
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh Polshada qo‘shinlarini saqlab qoladi va hattoki ko‘paytirishi mumkin

AQShning Polshadagi harbiy ishtiroki kamaymaydi va hatto ko‘paytirilishi ham mumkin. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda yaqinda saylangan polshalik hamkasbi Karol Navrotskiyni qabul qilar ekan aytib o‘tdi.

Foto: Aaron Schwartz/UPI Photo/IMAGO

AQSh o‘z qo‘shinlarini Polshadan olib chiqish niyatida emas – bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 3 sentabr, chorshanba kuni Vashingtonda o‘zining yaqinda saylangan polshalik hamkasbi Karol Navrotskiyni qabul qilish chog‘ida aytib o‘tdi. Trampning qo‘shimcha qilishicha, AQShning Polshadagi harbiy ishtiroki hatto «polyaklar xohlasa» oshirilishi ham mumkin.

«Biz Polshadan qo‘shinlarni olib chiqish haqida hech qachon o‘ylab ko‘rmaganmiz. Buni boshqa davlatlarga nisbatan ham ko‘rib chiqamiz, lekin biz Polshani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va unga o‘zini himoya qilishda yordam beramiz», — dedi Oq uy rahbari. Tramp, shuningdek, Vashington va Varshava o‘rtasidagi munosabatlar har doim mustahkam bo‘lganini, ammo «hozir ular har qachongidan ham yaxshiroq» ekanini aytdi. 

Navrotskiy uchrashuv natijalarini quyidagicha izohladi: «Tramp Polshaga xavfsizlik kafolatlarini berdi va harbiy sohadagi ittifoqchilar sifatida hamkorligimizni ta’kidladi, bu katta muvaffaqiyat». Polsha prezidenti amerikalik hamkasbi bilan Amerikaning Polshadagi harbiy ishtirokini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni muhokama qilganini aytdi. Navrotskiy, shuningdek, Trampni Varshavaga tashrif buyurishga taklif qildi, bu taklif qilingan tashrif sanasi hali aniqlashtirilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid