Ayollar dunyosi | 18:16 / 04.09.2025
3056
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda o‘qish orzusidagi qizlar uchun: qanday qilib bepul o‘qish mumkin?

Bugun xalqaro ta’lim maydonida imkoniyatlar har qachongidan ham kengayib bormoqda. Chet elda o‘qish endi orzu emas, balki aniq reja va harakat qilgan yoshlar uchun qo‘l yetadigan imkoniyatdir. Xususan, qizlar uchun xorijiy universitetlarda tahsil olish nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlash, yangi madaniyatni o‘rganish va kelajakda jamiyatda faol o‘rin egallash sari tashlangan qadamdir.

Foto: Getty images

Chet elda o‘qishning eng katta to‘siqlaridan biri — moliyaviy masala. Ko‘plab ota-onalar “bu qimmatga tushadi” degan o‘y bilan farzandlarini orzusidan qaytaradi. Ammo hozirgi kunda yoshlar uchun xalqaro miqyosda yuzlab grant va ta’lim dasturlari mavjud. Ayniqsa, qizlar uchun ochilgan imkoniyatlar tobora kengaymoqda. Xorijiy ta’lim qizlarning shaxs sifatida shakllanishida muhim rol o‘ynab, ularga erkin qaror qabul qilish, turli millat va din vakillari bilan muloqot qilish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlardan bevosita foydalanish imkoniyatini beradi.Shuningdek, bunday tajriba — kelajakda xalqaro tashkilotlarda ishlash, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish yoki ta’lim tizimida yangiliklar kiritish uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.

Eng mashhur grant va loyihalar:

Erasmus+ — Yevropa Ittifoqining eng yirik ta’lim dasturi. U nafaqat Yevropada o‘qishni, balki qisqa muddatli almashinuvlarni ham qamrab oladi. Talabalar bir necha oy yoki bir yil davomida Yevropa universitetlarida o‘qib, qaytib kelishlari mumkin. Bunda stipendiya, turar joy va hatto safar xarajatlari ham qoplanadi.

DAAD — Germaniya hukumati ta’lim almashinuvi xizmati. Bu dastur bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlari uchun mavjud bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar, amaliyot va yozgi kurslarni ham o‘z ichiga oladi. DAAD grantini yutgan talabalar o‘qish, yashash va sog‘liqni sug‘urtalash xarajatlaridan butunlay ozod bo‘ladi.

Fulbright — AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan eng qadimiy va mashhur dasturlardan biri. Asosan magistratura va tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu grant orqali nafaqat o‘qish, balki ilmiy faoliyatni davom ettirish mumkin.

Turkiya burslari — Turkiya hukumati tomonidan taqdim etiladigan to‘liq grant dasturi. Bakalavr, magistr va doktorantura bosqichlari uchun ochiq. Bu dastur nafaqat o‘qishni, balki talabaning turar joyi, tibbiy sug‘urtasi va oylik stipendiyasini ham qamrab oladi. Eng muhimi, til bilmaydigan talabalar uchun dastlabki yilda bepul turk tili kurslari ham taqdim etiladi.

Grantga qanday tayyorgarlik ko‘riladi?

Grant yutish faqat yaxshi baholar emas, balki keng dunyoqarash va faoliyatga bog‘liq. Tajribali talabalar quyidagi maslahatlarni tavsiya etishadi:

Xalqaro ta’lim eshiklarini ochadigan eng asosiy kalit bu til bilishdir. IELTS, TOEFL yoki boshqa xalqaro sertifikatlar nafaqat hujjat topshirishda zarur, balki o‘qish jarayonida ham katta yordam beradi. Shu bois, imkon qadar erta boshlab, muntazam tayyorlanish muhim.

Grant beruvchilar nafaqat o‘qishda, balki jamiyatda faol bo‘lgan talabalarni qadrlashadi. Yoshlar tashkilotlaridagi ishtirok, ijtimoiy loyihalar — bularning barchasi sizning yetakchilik qobiliyatingizni ko‘rsatadi.

Yana bir muhim bosqich bu motivatsion xat. Bu hujjat oddiy qog‘oz emas, balki sizning shaxsiy hikoyangiz. Nega aynan shu yo‘nalishda o‘qishni xohlaysiz, kelajakda o‘z bilimingizni qayerda va qanday qo‘llamoqchisiz, buni samimiy va ishonchli tarzda yozish kerak. Grant komissiyasi sizning intilishlaringizni shu xatdan anglaydi.

Ilmiy loyihalar va kichik amaliy ishlarda qanchalik ko‘p qatnashganingiz sizning bilimni amalda qo‘llash qobiliyatingizni ko‘rsatadi. Bu esa sizni boshqa nomzodlardan ajratib turadigan katta ustunlik bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid