Ayollar dunyosi | 17:55 / 05.09.2025
2170
3 daqiqa o‘qiladi

Go‘zallikning ixcham formulasi: minimalistik kosmetichka

Hozirgi paytda kosmetika sanoati millionlab mahsulotlarni taklif qilmoqda. Ayollar turli ranglar, teksturalar va yangi formulalar ichida adashib qolishi tabiiy hol. Biroq so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab minimalizm falsafasi kuchayib, kosmetika sohasida ham o‘z aksini topmoqda. Minimalistik kosmetichka — bu keraksiz ortiqcha vositalardan voz kechib, faqat eng zarur va samarali mahsulotlarni ishlatish hisoblanadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu nafaqat teri salomatligini saqlaydi, balki vaqt va mablag‘ni ham tejaydi.

Minimalistik kosmetichkada bo‘lishi kerak bo‘lgan vositalar:

1.Tozalovchi vosita

Har qanday parvarishning birinchi bosqichi terini tozalashdir. Dermatologlar tavsiya etganidek, yengil gel yoki ko‘pik terini chang, yog‘ va kosmetikadan xalos qiladi. Haddan tashqari ko‘p turdagi tozalovchi vositalarni ishlatish terini quritib yuboradi.

2.Namlantiruvchi krem

Teri muvozanatini saqlash uchun eng muhim mahsulot — namlantiruvchi krem. U terining tabiiy himoya qatlamini mustahkamlaydi, qurib ketish va erta ajin tushishining oldini oladi. Minimalistik yondashuvda universal krem tanlanadi, u kunduz va tun uchun ham mos bo‘lishi muhim.

3.Quyoshdan himoya kremi (SPF)

Dermatologlar ta’kidlashicha, eng samarali qarishga qarshi vosita bu — SPF. Quyoshdan himoya kremi terini ultrabinafsha nurlaridan himoya qilib, dog‘ va ajin paydo bo‘lishini sekinlashtiradi. Minimalistik kosmetichkada bu mahsulot mutlaq zarur hisoblanadi.

4.Asosiy dekorativ vositalar

Minimalistik kosmetikada odatda bitta yoki ikkita dekorativ vosita yetarli bo‘ladi. Masalan, BB-krem yoki yengil tonal krem, shuningdek lab uchun balzam yoki neytral rangli pomada. Bu mahsulotlar bir vaqtning o‘zida ham parvarish, ham yengil pardoz vazifasini bajaradi.

5.Ko‘p funksiyali mahsulotlar

Minimalizmning asosiy tamoyillaridan biri — bir mahsulotni bir nechta maqsadda ishlatish. Masalan, krem-rumyananing lab va yonoqqa mos kelishi yoki universal moyning ham teri, ham sochga qo‘llanishi. Bu yondashuv kosmetichkani ixcham qiladi va sarf-xarajatni kamaytiradi.

Mavzuga oid