Jahon | 11:24 / 05.09.2025
18175
4 daqiqa o‘qiladi

«Hind Rajabning ovozi» 23 daqiqa to‘xtovsiz olqishlandi

Venetsiya kinofestivalida isroillik harbiylar tomonidan otib o‘ldirilgan besh yoshli qiz haqidagi - «Hind Rajabning ovozi» hujjatli filmi namoyish qilindi. U festivalning «eng kuchli va dolzarb asari», deb topildi. «Bu ovoz – so‘nggi ikki yil ichida G‘azoda halok bo‘lgan 19 ming boladan biridir...» deydi film ijodkorlari.

Film treyleridan lavha

3 sentabr kungi tadbirda namoyish qilingan «Hind Rajabning ovozi» hujjatli filmi — tunislik rejissyor Ben Xaniya tomonidan suratga olingan. Film kinotanqidchilar tomonidan «bu yilgi festivalning eng kuchli va dolzarb asari» deb ta’riflandi.

The Guardian nashrining yozishicha, «Hind Rajabning ovozi» filmini tomoshabinlar premeradan so‘ng 23 daqiqa tik oyoqqa turib olqishladi.

Ijodiy guruhda Bred Pitt, Jonatan Gleyzer, Xoakin Feniks va Alfonso Kuaron ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etgan.

Foto: Getty Images

Film 2024 yil yanvarda G‘azo vayronalari ichida mashinada qamalib qolgan Hind Rajabning so‘nggi, iztirobli qo‘ng‘irog‘ini qayta tiklaydi. Qarindoshlarining jasadlari yonida faqat u tirik qolgan edi. O‘rindiq ostida yashiringan Hind Rajab Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatiga qo‘ng‘iroq qiladi. Ammo qizaloq ham, uni qutqarishga chiqqan shifokorlar ham isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirildi. Isroil armiyasi bu ish yuzasidan rasmiy tergov e’lon qilmagan.

Isroil harbiylari o‘nlab o‘q uzgan mashina / Foto: BBC

«Men Hind Rajabning ovozini ilk marta eshitganimda, bu G‘azoning o‘zi yordam so‘rayotgandek ovoz edi – ammo hech kim unga yetib bora olmadi», deydi Ben Xaniya.

Filmda Hindning haqiqiy telefon yozuvlaridan foydalanilgan. Ammo voqea uni qutqarishga uringan Qizil Yarim Oy jamoasi orqali dramatik tarzda hikoya qiladi.

Hind Rajab / Foto: Al-Jazeera

Aktrisa Saja Kilani butun film jamoasi nomidan shunday dedi:

«Hind Rajabning ovoziga bizning himoyamiz kerak emas. Bu film na fikr, na xayol. Bu haqiqatga asoslangan.

Hindning hikoyasi butun xalqning og‘irligini o‘zida mujassam etadi, bu faqat uning hikoyasi emas. Uning ovozi – so‘nggi ikki yil ichida G‘azoda halok bo‘lgan 19 ming boladan biridir.

Bu ovoz – yashash, orzu qilish, qadr-qimmat bilan mavjud bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan har bir ona, ota, shifokor, o‘qituvchi, rassom, jurnalist, volontyor va feldsherning ovozi. Bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda o‘g‘irlandi. Va bu faqat biz bilgan ovozlar. Har bir raqam ortida hech qachon aytib berilmagan hikoya bor», deydi u. 

Mavzuga oid