Jahon | 07:36 / 05.09.2025
4218
2 daqiqa o‘qiladi

London Qodirovning onasi va Qodirov jamg‘armasiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Britaniya sanksiyalarining yangi paketiga 11 nafar Rossiya fuqarosi va yuridik shaxslari, jumladan Checheniston rahbarining onasi Aymani Qodirova, Axmat Qodirov jamg‘armasi, Kremlga yaqin «Dvijyeniye pervyx» va «Volontery pobedy» tashkilotlari kirdi.

Foto: picture-alliance/Photoshot

Buyuk Britaniya Rossiyaning uchta tashkiloti va sakkiz nafar shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatlar Londondagi TIV saytida e’lon qilindi. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar «Rossiyada mavjud bo‘lgan ukrainalik bolalarga majburiy mafkuraviy ishlov berish»ni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qaratilgan.

Xususan, Britaniya sanksiyalari ro‘yxatiga Checheniston rahbarining onasi Aymani Qodirova va Axmat Qodirov jamg‘armasi kiritilgan. Yangilangan ro‘yxatga kremlparast «Dvijyeniye pervyx» va «Volontery pobedy» yoshlar tashkilotlari, Tatariston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Leyla Fazleyeva, federal yoshlar markazi rahbari Valeriy Mayorov, maxsus politsiya bo‘linmasi chechen komandiri Zamid Chalayev, Rossiya Ta’lim vazirligining «bolalar huquqlarini himoya qilish» sohasidagi davlat siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Anastasiya Akkuratova hamda ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash va Rossiya Federatsiyasiga olib ketishda ishtirok etgan bir qancha rossiyalik amaldorlar kiritilgan.

«Dvijyeniye pervyx» tashkilotini yaratish to‘g‘risidagi qonunni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yil yozida, Rossiya Ukrainaga qarshi agressiv urush boshlaganidan taxminan olti oy o‘tib imzolagan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda u 11 milliondan ortiq kishini o‘z ichiga olgan. Ramzan Qodirovning onasi Aymani «Rossiyaning yangi hududlari» (Ukrainaning bosib olingan hududlari) aholisiga gumanitar yordam jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi Axmat Qodirov jamg‘armasi prezidenti hisoblanadi.

Mavzuga oid