Jahon | 18:54 / 05.09.2025
7054
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Zelenskiyga Moskvada 100 foiz xavfsizlik kafolatini va’da qildi

Rossiya yetakchisi, shuningdek, Zelenskiy bilan uchrashuvni boshqa joylarda o‘tkazish haqidagi so‘rovlarni «ortiqcha» deb hisobladi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Moskvaga kelgan taqdirda xavfsizlikni kafolatlaydi, dedi Rossiya rahbari Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumda.

«Ukraina tomoni bu uchrashuvni xohlaydi va taklif qilmoqda. <...> Marhamat, tashrif buyuring, biz ish sharoitlari va xavfsizlikni mukammal darajada ta’minlaymiz. Kafolat yuz foiz», dedi u.

Putin, shuningdek, Zelenskiy bilan uchrashuvni boshqa joylarda o‘tkazish haqidagi so‘rovlarni «ortiqcha» deb hisobladi.

«Agar kimdir haqiqatan ham biz bilan uchrashmoqchi bo‘lsa, biz tayyormiz. Buning uchun eng yaxshi joy - Rossiya Federatsiyasi poytaxti, qahramon shahar Moskva», deb ta’kidladi u.

Putin muloqotga tayyor bo‘lishiga qaramay, hozircha bunday uchrashuvdan katta ma’no ko‘rmayotganini ta’kidlab, siyosiy iroda bo‘lgan taqdirda ham Ukraina bilan asosiy masalalar bo‘yicha kelishib olish qiyin bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Rossiya prezidenti avval ham Zelenskiyni muzokara uchun Moskvaga taklif qilgan. Ukraina prezidenti muzokara o‘tkazishga rozi, ammo «faqat Moskvada emas».

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid