Sog‘lom hayot | 23:55 / 05.09.2025
4726
2 daqiqa o‘qiladi

Telefonni hojatxonaga olib kirish gemorroy xavfini oshiradi - tadqiqot

AQSh olimlari o‘tkazgan yangi izlanishga ko‘ra, unitazda smartfon “titib”, uzoq vaqt o‘tirish odati bavosil kasalligini yuzaga keltirishi ehtimoli mavjud. Negaki bunday holatda to‘g‘ri ichakdagi (orqa chiqaruvdagi) qon tomirlarga bosim kuchayadi, mazkur jarayon ko‘p takrorlansa, u yerdagi pay va to‘qimalar bo‘shashib qoladi. Oqibatda qon tomirlari shishib, tugunchalar hosil bo‘ladi. Bu kasallik xalq orasida bavosil (gemorroy) deyiladi.

Foto: Getty images

Tadqiqot 2024 yil 8 yanvaridan 15 dekabri oralig‘ida Bostondagi skrining kolonoskopiyasiga kelgan katta yoshlilar orasida o‘tkazilgan. Unda 125 nafar ko‘ngilli qatnashgan.

Ishtirokchilar onlayn tuzilgan so‘rovnomada demografik ma’lumotlar, ovqatlanish, jismoniy faollik, ichak funksiyasini aniqlash va hojatxona odatlari (telefondan foydalanish chastotasi, bir marta kirganda qancha vaqt o‘tirish) kabi ma’lumotlarni kiritgan.

Tadqiqotda 125 qatnashchidan 83 nafari (66%) hojatxonada smartfondan foydalanishini ma’lum qilgan. Shularning orasidagi 43% qatnashchida kolonoskopiya vaqtida gemorroy aniqlangan. Gemorroy mavjudligi kolonoskopiyada bevosita ko‘z bilan tekshirilgan va ikki mustaqil endoskopist tomonidan baholangan.

Tahlillarga ko‘ra, telefonni hojatxonaga olib kirish gemorroy xavfini 46% ga oshirishi mumkin. Mualliflarning ta’kidlashicha, jarayonga sabab bo‘luvchi asosiy mexanizm — hojatxonada uzoq muddat o‘tirish: bu holat to‘g‘ri ichak sohasida bosimni oshiradi, vaqt o‘tishi bilan biriktiruvchi to‘qimalar bo‘shashishi va tomirlar kengayib, og‘riqli tugunlar (gemorroy) paydo bo‘lishi mumkin. Smartfon va ijtimoiy tarmoqlar odamga qancha vaqt o‘tkazganini “sezdirmaydi”, shu sabab unitazda o‘tirish vaqti uzayadi.

Tadqiqot mualliflari hojatxonaga kirishda telefonni tashqarida qoldirish, unitazda 5 daqiqadan ortiq o‘tirmaslikka harakat qilish va agar jarayon cho‘zilsa, turib tanaffus qilib keyin qaytib o‘tirish lozimligini qayd etgan. Bu oddiy choralar ehtimoliy xavfni kamaytirishga yordam beradi.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid