Turizm | 07:45 / 05.09.2025
2314
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent–Abakan yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Xakasiya Respublikasi rahbari Valentin Konovalov bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va boshqa muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xakasiya rahbari O‘zbekiston respublikaning doimiy savdo sherigi va MDH davlatlari orasida tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha yetakchi ekanligini ma’lum qildi. "Biz hamkorlikni yanada kengaytirishga qat’iy qaror qilganmiz", - dedi u.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati, turizm, madaniyat va ta’lim sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashdi.

Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, O‘zbekiston hududlari, xususan, Farg‘ona viloyati va Xakasiya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida iqtisodiy tadbirlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar Toshkent–Abakan yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, Xakasiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari va O‘zbekistonda Xakasiya Respublikasi kunlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid