Jahon | 14:14 / 06.09.2025
3489
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Slovakiyani Rossiyadan neft importini to‘xtatishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Ujgorodda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan muzokaralar o‘tkazdi. Qo‘shma Shtatlar Yevropani ikki tomonlama standartlarda ayblayapti, Yevrokomissiya esa 2028 yilgacha Rossiya neftidan butunlay voz kechish rejalarini eslatdi.

Foto: Korr. BeLTA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 sentabr, juma kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan «mazmunli» muzokaralar o‘tkazganini aytdi. «Bizda bunday muloqot bo‘lishi muhim. Biz uni davom ettiramiz», — dedi Zelenskiy Ujgoroddagi uchrashuvdan so‘ng. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, suhbatning asosiy mavzusi Yevropa Ittifoqining keng ko‘lamli sanksiyalariga qaramay, Moskvadan energiya resurslarini sotib olishda davom etayotgan Slovakiyaga Rossiya neftini yetkazib berish bo‘lgan. Vengriya ham shunday qilmoqda.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp yevropaliklarni Vashingtonga qo‘yayotgan talablari fonida ikki tomonlama standartlarda ayblagan edi. Xitoy va Hindiston Rossiya energetika resurslarining asosiy xaridorlari bo‘lib qolmoqda va Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlardan bu davlatlarga bosimni kuchaytirishni so‘ramoqda. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining o‘zi hali Pekin va Dehliga qarshi keng qamrovli ikkilamchi sanksiyalarni qo‘llamagan. Trampning ta’kidlashicha, yevropaliklar Qo‘shma Shtatlardan Rossiya nefti va gazi xaridorlariga nisbatan sanksiyalar joriy etishni talab qilmoqda, Yevropa Ittifoqi davlatlari – Slovakiya va Vengriya esa Moskvadan qazib olinadigan yonilg‘ini sotib olishda davom etmoqda.

Zelenskiy bilan muzokaradan so‘ng Robert Fitso Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari tezroq berilishiga va Rossiya bilan mojaroda adolatli tinchlikka erishishga umid qilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Slovakiya o‘rtasidagi munosabatlar kelishmovchiliklarga qaramay mustahkamligicha qolmoqda. Shu bilan birga, Fitso Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasi obektlariga hujumlari Slovakiyaning o‘ziga ham zarar yetkazayotganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid