Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda urush vazirligi, Putin va Si umrboqiylik orzusida – hafta dayjesti
Bugun 7 sentabr, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta voqealarga boy bo‘ldi. Xitoyda shov-shuvli parad o‘tkazildi, Putin va Si umriboqiylikni muhokama qildi, AQShda Urush vazirligi paydo bo‘ldi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Pentagon endi Urush vazirligi
Hafta davomida AQSh prezidenti Tramp mamlakat mudofaa vazirligida rebrending amalga oshirdi. Pentagon endilikda AQSh Mudofaa vazirligi emas, AQSh Urush vazirligi deb ataladi. Idora rahbari Pit Hegsetning rasmiy lavozimi ham endilikda urush vaziri bo‘ladi.
Aftidan, Pentagonni urush vazirligiga aylantirish aynan Hegsetning taklifi bo‘lgan, chunki rebrending sababini aynan u izohlamoqda. «Shunchaki rasmiyatchilik emas, chinakam vajohat, siyosatbozlik emas, chinakam kuch. Biz faqat himoyachilarni emas, chinakam jangchilarni tayyorlaymiz», degan Hegset o‘zgarish haqida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarini yutgan va vazirlik bunday nom olishga munosib.
Darvoqe, Pentagon 1947 yilgacha, Ikkinchi jahon urushi tugaguniga qadar ham AQSh Urush vazirligi deb atalgan.
Tramp va yevropaliklar tortishuvi
AQSh prezidenti Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha hamon Yevropadagi ittifoqchilari bilan hamfikr emas. O‘zi Yevropa davlatlarini Tramp davrida AQShning ittifoqchilari deyish ham qiyin. Hafta davomida Yevropa liderlari Parijda yig‘ilishdi. Ularga Ukraina prezidenti Zelenskiy ham qo‘shildi. Keyin yevropaliklar birgalikda Trampga qo‘ng‘iroq qildi.
Yevropa nashrlaridagi xabarlar va Trampning toniga qaraganda, suhbat yaxshi o‘tmagan. Aftidan, yevropaliklar Trampni Rossiyaga qarshi sanksiyaga qo‘shilishga chorlagan va shu yerda tushunmovchilik boshlangan. Tramp yevropaliklarga «Rossiya neftini sotib olishni bas qiling», degan. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen xonim esa ittifoqda faqat Vengriya va Slovakiya rus neftini sotib olayotganini aytib, e’tiroz bildirgan. Suhbat yakunida yevropaliklar yangi sanksiyalar bo‘yicha Amerikaga taklif yuborishi aytildi. Tramp hamon javob bermaganiga qaraganda, hech qanaqa sanksiya bo‘lmaydi.
«Rossiya va Hindistonni boy berdik»
Xitoy o‘z qurollarini AQShga ko‘z-ko‘z qilish uchun harbiy parad o‘tkazdi. Jurnalistlar AQSh prezidenti Trampdan parad haqida fikrlarini so‘rashdi. «Ular mening e’tiborimni tortishni istashdi va men ularni kuzatdim», dedi Tramp. Keyinroq AQSh prezidenti o‘z sahifasida parad haqida g‘alati post qoldirdi. «Aftidan, Rossiya va Hindistonni Xitoyga boy berdik. Nima ham derdim, ularga birgalikda baxtli bo‘lishini tilayman», deb yozdi Tramp. U postiga Putin, Si va Modi birgalikda tushgan suratini ilova qildi.
Amerika prezidenti Hindiston va Rossiya siyosiy jihatdan borgan sari Xitoy bilan qalin bo‘layotganini nazarda tutgan ko‘rinadi. Axir Hindiston Xitoy bilan yer tortishib keladi, ularning siyosiy aloqalari unchalik yaxshi emasdi, biroq Modining paradga borishi barchasini o‘zgartirdi. Amerika Tramp davrida Xitoy bilan aloqasi iliq bo‘lmagan Hindiston bilan yaqinlashishga urindi, lekin Trampning postiga qaraganda bu ishni eplay olmagan.
Hafta uchrashuvi
Haftaning eng muhim uchrashuvi Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida o‘tkazildi. Ikki davlat yetakchisi chegaradagi Ujgorod shahrida ko‘rishdi. Fitso Yevropa Ittifoqidagi Ukrainani qo‘llamaydigan, unga yordam berilishiga qarshi bo‘lgan sanoqli davlatlardan biri. Rossiya bilan yaqin bo‘lgan Slovakiya bosh vaziri Ukraina «Drujba» neft o‘tkazgichini portlatganidan qattiq norozi bo‘lgandi.
Fitso Ukrainaga aynan energoxavfsizlik masalasini muhokama qilish uchun bordi. Uchrashuvdan keyin ikki siyosatchi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Har ikki lider tomonidan bir-birining manziliga keskin gaplar yangradi. Xususan, Fitso Zelenskiy ba’zan uni hurmat qilmaydigandek ko‘rinishini aytdi.
«Biz turlicha qarashdamiz, bu hayot. Men Zelenskiyni hurmat qilaman, u ham meni, ba’zan bunday emasdek ko‘rinsa ham», dedi Fitso.
Zelenskiy esa Ukraina Rossiyaning zarbalariga «zulmatda jim qarab turmasligini» aytdi. «Ukraina Rossiyaning energoobektlarga zarbalariga javob beradi. Hech kim qorong‘ida ma’yus qarab turmaydi. Rossiya nefti va gazining kelajagi yo‘q. Biz Slovakiya va boshqa ittifoqchilar uchun energoxavfsizlikni ta’minlashga tayyormiz. Slovakiyaga bajonidil neft va gaz o‘tkazishga tayyormiz, bu Rossiya mahsuloti bo‘lmasa kifoya. Chunki bizda urush ketmoqda, tamom», dedi Zelenskiy.
Hafta banneri
Juma oqshomida Yevropada jahon chempionati saralash o‘yinlari o‘tkazildi. Markaziy uchrashuvlardan birida Fransiya Ukrainani mag‘lub etdi. Polshada o‘tgan uchrashuvda ukrainalik muxlislar urushga bag‘ishlangan banner ko‘tarishdi. Unda «Fortress of Europe», ya’ni Yevropa qal’asi deb yozilgandi. Shu tariqa ukrainlar yevropaliklarni ularga yordam ko‘rsatishiga chaqirib, Ukraina urush Yevropaga tarqalmasligi uchun asosiy devor ekaniga ishora qildi.
Hafta paradi
Haftaning eng shov-shuvli voqeasi Xitoyda kuzatildi. Odatda o‘zining alohida dunyosida yashaydigan Xitoydagi voqealar dunyo uchun ahamiyatli bo‘lmaydi. Bu gal chinliklar G‘arbning e’tiborini tortishga harakat qilib, buning uddasidan chiqishdi. Xitoy raisi Si Jinping Pekinda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga bag‘ishlangan parad o‘tkazdi. To‘g‘risi, o‘zini urush g‘olibi sifatida ko‘rsatmagan faqat Xitoy qolgandi.
Si o‘tkazgan tadbirning asosiy mehmonlari Rossiya prezidenti Putin va Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In bo‘ldi. Yetti yil deganda ilk marta Hindiston bosh vaziri Modi ham Xitoyga bordi. Paradda Xitoy turli xil qurollarini ko‘z-ko‘z qildi. Asosiy maqsad ularni Amerikaga ko‘rsatish edi. Tramp parad yaxshi o‘tgani, tashkilotchi Si xohlaganiday uni tomosha qilganini aytdi. Si usti ochiq mashinaga chiqib, maydon uzra savlat to‘kib o‘tdi. Mashinaga o‘rnatilgan mikrofondan turib, oliy bosh qo‘mondon sifatida buyruqlar berdi. Xitoy shu tariqa G‘arbga muqobil koalitsiyaga egaligini ko‘rsatishga urindi.
Umrboqiylik orzusi
Xitoy raisi Si tashkil qilgan parad vaqtida hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi, lekin bir kichik muammo chiqdi. Mikrofon o‘lgur keraksiz vaqtda ham ovozni yozib olgani sabab Si, Kim va Putin umrboqiylik haqida gapirgani jonli efirda eshitilib qoldi. Aftidan, ulardan qay biridir boshqasiga falon yoshda bo‘lsangiz ham ko‘rinishingiz yaxshi, degan ko‘rinadi, suhbat shu mazmunda davom etdi. Si va Putin tibbiyot rivojlangani, tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish orqali 150 yoshgacha yashash mumkinligini muhokama qilgan.
Bu suhbat butun dunyoda muhokama qilindi, hatto Xitoyda 150 yil degan so‘zni qidiruv tarmoqlarida senzura qilishdi. Chinda ba’zi kompaniyalar uzoq umr ko‘rish haqida o‘z targ‘ibotlarida 150 yil yashash g‘oyasini kiritishga ham ulgurdi. Xullas, 150 yil yashash istagidagi 70 dan oshgan ikki prezident butun dunyodagilarni zeriktirmadi.
Bizda hozircha shular. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha. Sizga salomatlik va uzoq umr tilayman. 150 yil yashaysizmi yoki ozmi, mazmunli, birovning joniga tegmaydigan umr kechiring.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
16:41 / 26.10.2025
Putinni rad etgan Tramp, Mars orzusidagi Mask - hafta dayjesti
21:12 / 28.09.2025
Tan olinayotgan Falastin, BMTda xushlanmagan Netanyahu – hafta dayjesti
23:03 / 20.09.2025
Odamlar orasidagi prezident, avtobuslarda reydlar va “dom” qurilishidagi katta ko‘zbo‘yamachiliklar - hafta dayjesti
20:50 / 14.09.2025