Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
San’atdan yiroq “san’at” – o‘zbek seriallari haqida so‘z
San’at deb o‘ziga shu nomni olgan har bir narsaga aytsa bo‘ladimi? Ichida biron dona chuqur ma’nosi bo‘lmagan, aksincha bema’nilikni cho‘qqiga olib chiqqan seriallarni-chi – san’at desa bo‘ladimi?
“San’at nima” degan savolga javoblar turlicha. Mening masalan javobim radikal: haqiqiy san’at shunday narsaki, u yoqangizdan olib, stereotiplaringiz dunyosidan sizni sug‘urib oladi va haqiqiy dunyo bilan yuzma-yuz qoldiradi. Haqiqiy san’at ta’sirida siz bir lahzaga bo‘lsa-da ongingizni ramkalarga solib qo‘ygan ashqal-dashqallardan qutulib, haqiqiy voqelik oldida yalang‘och qolasiz.
Bunday lahzalarda siz kichkina qobig‘ingizdan chiqib, butun boshli Koinotga chekadan turib qaray olasiz va uni – Koinotni naqadar katta kuch yuzaga keltirganini tuyasiz. Bunday lahzada siz onangiz rahmiga qaytib, qanchalik ojiz ekaningizni anglaysiz. Bunday lahzada siz uchun vaqt va makon ahamiyatini yo‘qotib, butun hayotingiz bitta nuqtaga aylanadi. Qisqasi haqiqiy san’at sizni o‘zgartiradi, uning ta’sirida siz avvalgi holingizda qolmaysiz.
Bundan boshqachasi men uchun shaxsan san’at emas, ko‘ngilxushlik. Bunaqa “san’at” qiynalmay yasaladi. Haqiqiy san’at esa bu – og‘riqli jarayon, uni... “tug‘ilish” yoki “tug‘ish” deb atasa bo‘ladi. Haqiqiy ijod o‘lib-tirilish bilan barobar.
Biroq shunchaki ko‘ngilxushlik uchun yasaladigan “san’at” bu hali favqulodda zarar emas, ruhni o‘ldiradigani ham bor. U insonning eng past – hayvoniy hislarini qitiqlab, e’tiborini o‘ziga jalb qiladi va shu orqali maqsad hosil bo‘ladi. Uni yasaydiganlar mahsulotlari insonga qanday ta’sir qilishi haqida o‘ylashmaydi albatta, ammo siz bilan men bu haqda o‘ylashimiz kerak.
O‘zbek seriallaridan namunalar.

Ruhsiz biz shunchaki tana. Ruhimizning holati esa ongimizga bog‘liq. Ong ruhni ko‘kka ko‘tarib xursand qilishi mumkin, qafaslarda qolib rivojlanmagan ong esa ruhni... “bemor qilib” qo‘yadi.
Haqiqiy san’at qanday yuzaga keladi? Isyondan. Ijodkor qoliplar ichida qolib ketgan odamlarni ko‘rib, manzaradan norozi bo‘ladi va qafaslarni sindirgisi keladi. Mana shu ruhiy harakat uni – ijodkorni o‘ziga xos magnitga – g‘oyalarni o‘ziga tortadigan obektga aylantiradi. Mana shu onda u ilhom deb atalmish ne’matga loyiq bo‘ladi va uni oladi. Va bu hammasi emas. Ilhomni asarga aylantirish uchun ijodkor uni tanasidan o‘tkazishi kerak va qiynoqlarda dunyoga keltirishi kerak.
Haqiqiy ijodkor men uchun – yolg‘onlarni buzib sindiruvchi va haqiqat bilan yuzma-yuz qoldiruvchi askar. Haqiqiy san’at shaxsiy qafasingizni hech bo‘lmaganda bir chetini buzib beruvchi bir narsa. Boshqachasi... san’at emas.
Shokir Sharipov.
Mavzuga oid
11:56 / 09.10.2025
Sotilmaydigan san’at – inson botinidagi sud jarayoni “Kafka va K” monospektaklida
21:46 / 01.09.2025
“Unutmoq osonmas bizlarni” – Oxunjon Madaliyev xonadonidan reportaj
10:19 / 23.08.2025
Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi
13:46 / 30.07.2025