Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi Google’ni qariyb 3 milliard yevroga jarimaga tortdi
Bu kompaniyaning Yevropadagi eng yirik jarimalaridan biridir.
Foto: Reuters
Yevrokomissiya Google egasi bo‘lgan Amerikaning Alphabet kompaniyasini reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 2,95 milliard yevro miqdorida jarimaga tortdi.
Komissiyaning tushuntirishicha, Google reklama beruvchilar va onlayn nashriyotlarni raqobatchilarga zarar yetkazgan holda o‘z xizmatlariga ustunlik bergan va shu tariqa onlayn reklama bozorini buzgan. Yevrokomissiya kompaniya bu amaliyotni va o‘z xizmatlariga ustunlik berishni to‘xtatishi kerak, degan qarorga keldi.
Google bu qaror ustidan shikoyat qilishga va’da berdi. Kompaniyaning normativ masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Li-Enn Malxollandning aytishicha, Yevrokomissiya qarori «minglab Yevropa kompaniyalariga zarar yetkazadigan, ularning pul ishlash imkoniyatini qiyinlashtiradigan o‘zgarishlarni talab qiladi».
Yevrokomissiya qarori, Bloomberg ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdo munosabatlari keskinlashgan paytda qabul qilindi. Donald Tramp bir necha bor Yevropa Ittifoqining «bigtex»larga nisbatan xatti-harakatlarini tanqid qilgan va Yevropani Amerika kompaniyalarini tiyib turishga qaratilgan me’yoriy hujjatlar qabul qilgani uchun javobgarlikka tortish bilan tahdid qilgan edi.
Bu safar Donald Tramp Yevrokomissiya qaroriga javoban 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasi bo‘yicha tergov boshlash bilan tahdid qildi. Ushbu qonun AQSh prezidentiga boshqa mamlakatlarning Amerika biznesiga nisbatan «adolatsiz» deb hisoblangan xatti-harakatlariga bir tomonlama javob qaytarish huquqini beradi.
«Bugun Yevropa Amerikaning yana bir buyuk kompaniyasi Google’ga «zarba berdi», unga 3,5 milliard dollar jarima soldi, bu Amerika investitsiyalari va ish o‘rinlariga sarflanadigan pullar edi», deb yozdi Tramp.
2017 yilda Yevrokomissiya bozordagi ustun mavqeni suiiste’mol qilgani uchun Google kompaniyasini 2,4 milliard yevro jarimaga tortdi.
2018 yilda Google monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani uchun yana 4,3 milliard yevro jarimaga tortildi.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00